O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes uchun bepul diagnostika dasturi ishga tushirildi
Tadbirkorlar korxonalar samaradorligini baholashi va xarajatlarni kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar olishi mumkin
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes korxonalarida mehnat unumdorligini tahlil qilish va resurslardan foydalanishni optimallashtirishga qaratilgan loyiha ishga tushirildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tashabbus Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda Integration konsalting kompaniyasi ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Loyiha pilot shaklda o‘tkazilib, xususiy sektordagi ish jarayonlarini yaxshilashga qaratilgan. Diagnostika davomida ishtirokchilar vaqt va mablag‘ yo‘qotilishiga sabab bo‘layotgan asosiy muammolarni aniqlashi mumkin.
Shuningdek, kompaniya egalari xomashyo va energiya resurslarini tejashning mavjud usullari haqida ma’lumot oladi. Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, mahsulot tannarxini kamaytirish va bir vaqtning o‘zida uning sifatini oshirish bo‘yicha aniq yechimlar taqdim etiladi.
Dasturda ishtirok etish uchun arizalar 1-sentabrgacha qabul qilinadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ