Birjada AI-92 benzini narxi tarixdagi eng yuqori darajaga chiqdi
1-iyuldagi savdolarda AI-92 tonnasi 13,96 mln so‘mga yetdi, bir oy ichida narx 12% dan ko‘proqqa oshdi
Фото: ТАСС
Respublika tovar-xomashyo birjasida 1-iyul kuni o‘tkazilgan savdolarda AI-92 benzini narxi tarixiy rekordni yangiladi.
Birja axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 1-iyuldan boshlab AI-92 benzini bo‘yicha savdo ma’lumotlari markalar kesimida e’lon qilinmoqda.
Savdolar yakuniga ko‘ra, AI-92 benzini narxi 0,6 foizga oshib, bir tonnasi 13,96 mln so‘mni tashkil etdi. Bu ushbu markadagi benzin uchun birjada qayd etilgan eng yuqori narx hisoblanadi.
Shuningdek, AI-92 K-2 markali benzinning bir tonnasi 15,5 mln so‘mdan, AI-92 K-2 L markasi esa 13,86 mln so‘mdan sotildi.
So‘nggi haftalarda AI-92 benzini narxi keskin qimmatlashmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1-iyundan buyon narx 12 foizdan ko‘proqqa oshgan.
Bozor ishtirokchilari narxlarning o‘sishini Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga dronlar hujumlari ortidan yuzaga kelgan benzin tanqisligi bilan izohlamoqda.
Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentdagi ayrim yoqilg‘i quyish shoxobchalarida import qilingan AI-92 benzini litri 13 ming so‘m va undan yuqori narxlarda sotilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ