2026-yilning ilk choragida mamlakatdagi pul tushumlari hajmi 316 trln so‘mga yetdi
Naqd pul ulushi kamayib, kartalar va elektron to‘lovlar ulushi oshishda davom etmoqda
Foto: Kapital.uz
2026-yilning I-choragida O‘zbekistonda banklar orqali pul aylanmasi sezilarli darajada oshdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy pul tushumlari (naqd va terminal orqali) 316 trln so‘mni tashkil etib, 2025-yilning mos davriga nisbatan 35% ga o‘sdi.
Shu bilan birga, zamonaviy to‘lov usullaridan foydalanish kengaymoqda. Terminal va mobil ilovalar orqali amalga oshirilgan to‘lovlar ulushi 43% dan 47% ga yetdi. Savdo va xizmatlar sohasida esa bu ko‘rsatkich 49% dan 51% gacha oshgan.
Bank tizimi orqali naqd pul aylanishi ham o‘sdi. Hisobot davrida jami 330 trln so‘mlik naqd pul banklar orqali aylangan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 25% ga ko‘pdir. Banklarga naqd pul tushumlari 34 trln so‘mga yoki 26% ga oshgan. Ushbu o‘sish, asosan, savdo, xizmatlar va bank xizmatlaridan foydalanishning kengayishi bilan izohlanadi.
Bank kartalari orqali operatsiyalar hajmi ham sezilarli oshgan. 2024-yilda kartalarga tushgan mablag‘lar 212 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda 306 trln so‘mga, 2026-yilda esa 408 trln so‘mga yetgan. Shu bilan birga, kartalardan yechilgan naqd pullar hajmi 48 trln so‘mdan 71 trln so‘mgacha oshgan.
Biroq naqdlashtirish ulushi kamayib bormoqda:
- 2024-yil I-chorakda — 23%;
- 2025-yil I-chorakda — 19%;
- 2026-yil I-chorakda — 17%.
2026-yilning dastlabki uch oyida muomalaga chiqarilgan naqd pullar hajmi 2,6 trln so‘mga kamaydi. 2026-yil 1-aprel holatiga naqd pullarning umumiy pul massasidagi ulushi 16,9% ni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 1,7% bandga pasaydi.
Umumiy pul massasi esa o‘sishda davom etmoqda: 2024-yilda 213 trln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda 282 trln so‘mga, 2026-yilda 391 trln so‘mga yetgan. Naqd pullar hajmi ham 43 trln so‘mdan 66 trln so‘mgacha oshgan bo‘lsa-da, ularning umumiy pul massasidagi ulushi izchil kamaymoqda.
Shuningdek, naqd pullarning bank tizimiga qaytishi natijasida muomaladagi banknotlar soni 262 mln donaga kamayib, 2026-yil 1-aprel holatiga 2 184 mln donani tashkil etdi.
Umuman olganda, aholi va biznes tomonidan naqdsiz to‘lovlardan foydalanishning kengayishi iqtisodiyotda pul aylanmasining yanada shaffoflashib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ