O‘zbekistonda yil boshidan import tashuvlari hajmi 72%ga o‘sdi
Eksport yo‘nalishida esa buyurtmalar soni 36%ga kamaygan
2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda avtomobil yuk tashuvlariga talab oshdi, bunda ayniqsa import yo‘nalishidagi o‘sish yuqori bo‘ldi. Bu haqda xalqaro ATI.SU logistika platformasi ma’lumotlarida keltirilgan.
Hisobotga ko‘ra, xorijdan O‘zbekistonga yuk tashish bo‘yicha buyurtmalar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 72%ga, avvalgi chorakka nisbatan esa 57%ga oshgan. O‘sishning asosiy qismi Rossiya yo‘nalishiga to‘g‘ri kelib, u yerda talab 80%ga ko‘paygan. Shuningdek, Belarusdan yuk tashishga buyurtmalar ikki baravar oshgan, Qozog‘iston yo‘nalishida esa biroz pasayish qayd etilgan.
Eksport yo‘nalishida esa o‘sish nisbatan past bo‘ldi — yiliga 10%. Choraklar kesimida esa buyurtmalar soni 36%ga kamaygan. Bu holat qisman mavsumiy omillar bilan izohlansa-da, asosiy sabab Rossiya–Qozog‘iston chegarasidagi tirbandliklar va bojxona nazoratining kuchayishi bilan bog‘liq.
Ichki yuk tashuvlar bozorida ham sezilarli o‘sish kuzatildi — buyurtmalar soni yil davomida uch baravar oshgan. Mutaxassislar buni nafaqat real talabning ortishi, balki logistika jarayonlarida raqamli platformalardan foydalanish kengaygani bilan izohlamoqda.
Platforma vakili Farid Vohidovning ta’kidlashicha, umumiy tendensiya ijobiy bo‘lib qolmoqda, biroq eksport yo‘nalishida infratuzilma va chegaradagi cheklovlar o‘sishni sekinlashtirmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ