Lukashenko Belarusga yana 5 ming nafar o‘zbekistonlik ishchi jalb etilishini ma’lum qildi

Mehnat migrantlari uchun uy-joy, bolalar bog‘chasi va maktab xizmatlari belarusliklar bilan bir xil sharoitda taqdim etiladi

Lukashenko Belarusga yana 5 ming nafar o‘zbekistonlik ishchi jalb etilishini ma’lum qildi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakat tashkil etilgan mehnat migratsiyasi dasturi doirasida yana 5 ming nafar O‘zbekiston fuqarosini ishga qabul qilishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u Vitebsk viloyatiga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston bilan mehnat migratsiyasi va qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda so‘zlagan.

Lukashenkoning aytishicha, Vitebsk viloyatiga Andijon viloyatidan kelgan dastlabki 250 nafar fuqaro allaqachon ish joylariga taqsimlangan. Sentyabrdan boshlab esa har oy yana 500 nafardan ishchi yuborilishi rejalashtirilgan. Natijada ularning umumiy soni 5 ming nafarga yetadi.

Belarus tomoni o‘zbekistonliklarni nafaqat qishloq xo‘jaligida, balki qurilish, sanoat, xizmat ko‘rsatish sohasi hamda kichik tibbiyot xodimi sifatida ham ish bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda. Ularning barchasi uchun yashash va mehnat qilish sharoitlari yaratilishi va’da qilingan.

“Qishloqlarimizda yashash uchun yetarlicha yaxshi uylar bor. Ularni birgalikda tartibga keltiramiz. Bundan buyon quriladigan barcha uylar odamlar uchun bo‘ladi. O‘zbekistonliklar va belaruslar o‘rtasida farq bo‘lmaydi. Farzandlaringiz bolalar bog‘chasi va maktabga belarusliklar bilan teng sharoitda qatnaydi. Bu yerga kelganlar o‘zini begona his qilmasligi kerak. Faqat ishlashsin”, — dedi Aleksandr Lukashenko.

Belarus prezidenti hamkorlikni faqat Vitebsk viloyati bilan cheklamasdan, Mogilyov viloyatining janubi-sharqiy hududlariga ham kengaytirishni taklif qildi. Hukumat hudud ehtiyojidan kelib chiqib, qancha va qaysi mutaxassislikdagi ishchilar kerakligini belgilaydi.

Tomonlar qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi qo‘shma loyihalarni ham kengaytirmoqda. Xususan, O‘zbekiston tomoniga Vitebsk viloyatining yetti tumanida joylashgan qoramol boqish uchun mo‘ljallangan 10 ta bino hamda 8 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlari beriladi. Yetishtiriladigan mahsulotlar O‘zbekistonga eksport qilinadi.

Bundan tashqari, Beshenkovichi tumanida kartoshka yetishtirish uchun yana 2 ming gektar yer ajratilishi rejalashtirilgan. Belarus urug‘lik, texnologiya, mutaxassislar va saqlash infratuzilmasini ta’minlaydi.

Shuningdek, tomonlar o‘zbekistonlik investorlar ishtirokida yog‘ochni qayta ishlash korxonasi, yoqilg‘i granulalari ishlab chiqarish loyihasi, qurilish tresti, O‘zbekiston mahsulotlari savdo uyi, o‘zbek milliy taomlari restorani hamda o‘zbekistonlik sayyohlar uchun dam olish maskani tashkil etish masalalarini ham muhokama qilgan.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bilan uchrashuvda Lukashenko Belarus O‘zbekiston bilan “birodarlik ruhida” hamkorlikni rivojlantirish niyatida ekanini bildirib, agro-sanoat majmuasida, jumladan qayta ishlash korxonalarini qurish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini ta’kidladi.

13-iyul kuni Andijon viloyatidan 255 nafar fuqarodan iborat birinchi guruh Belarusga qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasida ishlash uchun yetib borgan. Loyiha Andijon viloyati hokimligi, O‘zbekiston Migratsiya agentligi hamda Belarusning Vitebsk viloyati Mehnat, bandlik va ijtimoiy himoya qo‘mitasi o‘rtasidagi uch tomonlama kelishuv asosida amalga oshirilmoqda.

Tashkil etilgan mehnat migratsiyasi dasturi 9-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Minskka davlat tashrifi chog‘ida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida imzolangan bitimdan so‘ng yo‘lga qo‘yildi. Hujjat O‘zbekiston fuqarolarini Belarusga vaqtinchalik ishlash uchun jalb etish tartibini belgilaydi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Raqobat qo‘mitasi Perfectumning 50% lik ulushini sotib olish haqidagi bitimga rozilik berdi
/
Raqobat qo‘mitasi Perfectumning 50% lik ulushini sotib olish haqidagi bitimga rozilik berdi
O‘zbekiston va Belarus hududlari o‘rtasida $100 mlndan ortiq 30 ta loyiha amalga oshiriladi
/
O‘zbekiston va Belarus hududlari o‘rtasida $100 mlndan ortiq 30 ta loyiha amalga oshiriladi
O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga pensiya badallarini to‘lash majburiyati yuklanishi mumkin
/
O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga pensiya badallarini to‘lash majburiyati yuklanishi mumkin