O‘zbekistonda anomal issiq sabab ochiq havoda ishlash vaqtini qisqartirish tavsiya etildi
Xususan, kunning soat 11:00 dan 16:00 gacha ochiq havodagi og‘ir jismoniy mehnatni to‘xtatish yoki imkon qadar cheklash lozim
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Kutilayotgan anomal issiq ob-havo munosabati bilan O‘zbekistonda ochiq havoda ishlovchi xodimlar uchun mehnat sharoitlarini o‘zgartirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi matbuot xizmati xabar qildi.
Inspeksiya ma’lumotiga ko‘ra, yuqori havo harorati ochiq havoda ishlayotgan xodimlar uchun issiq urishi, suvsizlanish, hushdan ketish hamda yurak-qon tomir kasalliklari kuchayishi xavfini oshiradi. Shu sababli ish beruvchilar mehnat qonunchiligiga muvofiq xodimlar salomatligini himoya qilish choralarini ko‘rishi shart.
Xususan, korxonalarga ish rejimini moslashtirish tavsiya etildi. Bunga ko‘ra, kunning eng issiq vaqti — odatda soat 11:00 dan 16:00 gacha — ochiq havodagi og‘ir jismoniy mehnat va boshqa ishlarni to‘xtatish yoki imkon qadar cheklash lozim.
Shuningdek, xodimlar yetarli miqdorda salqin ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlanishi, dam olish uchun soyali yoki konditsionerli joylar tashkil etilishi hamda ularga muntazam tanaffuslar berilishi kerak.
Yuqori harorat sharoitida tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan fuqarolarni ishga jalb qilish taqiqlanadi. Zarurat tug‘ilganda qo‘shimcha tibbiy ko‘riklar tashkil etilishi lozim.
Bundan tashqari, ish beruvchilar xodimlarni yengil, havo o‘tkazuvchi maxsus kiyim va shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlashi kerak.
Mehnat inspeksiyasi, shuningdek, jamoaga issiq urishining belgilari va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi bo‘yicha yo‘riqnoma o‘tkazish zarurligini qayd etdi. Agar xodimning ahvoli yomonlashsa, uni zudlik bilan salqin joyga olib o‘tish, birinchi yordam ko‘rsatish va tibbiyot xodimlarini chaqirish talab etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ