O‘zbekiston va Belarus o‘zaro savdo hajmini $2 mlrdga yetkazish masalasini muhokama qildi
O‘zbekiston tinch atomdan foydalanish va ushbu sohada infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha Belarus tajribasini o‘rganishga qiziqish bildirgan
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi. Tashrif arafasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, siyosiy maslahatlashuvlar, tahliliy doiralar uchrashuvlari hamda O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ta’kidlandi.
Tomonlar o‘zaro savdo hajmi izchil oshib borayotganini qayd etdi. So‘nggi besh yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash qariyb uch barobar o‘sib, 2025-yil yakunida salkam $1 mlrdga yetgan. Joriy yil boshidan buyon esa savdo hajmi yana 30% ga oshgan. Hozirda ikki davlat ishtirokida 360 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Muzokaralarda o‘zaro savdo hajmini $2 mlrdga yetkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani qayd etildi. Shu maqsadda qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, yengil sanoat, mebelsozlik va boshqa tarmoqlarda yangi kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi qabul qilingan.
Shuningdek, O‘zbekiston tinch atomdan foydalanish va ushbu sohada infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha Belarus tajribasini o‘rganishga qiziqish bildirgani ma’lum qilindi.
Prezidentlar Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan uchinchi O‘zbekiston–Belarus hududlararo forumi natijalarini ham yuqori baholadi. Forum yakunida savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarining salmoqli paketi imzolangan.
Tomonlar BMT, MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Qo‘shilmaslik harakati doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi. Madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish, joriy yil yakuniga qadar qo‘shma turizm, tibbiyot va ta’lim forumlarini o‘tkazishga kelishib olindi.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Minskda O‘zbekiston–Belarus do‘stligi xiyobonini barpo etish tashabbusi uchun Aleksandr Lukashenkoga minnatdorlik bildirib, Belarus prezidentini rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga taklif etdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ