O‘zbekiston va Belarus hududlari o‘rtasida $100 mlndan ortiq 30 ta loyiha amalga oshiriladi
Shuningdek, 30 nafardan yetakchi tadbirkorni Belarusga olib borib, mahalliy hamkorlar bilan qo‘shma loyihalarni boshlash vazifasi qo‘yildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev Belarusga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan hududlararo hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbarining 2026-yil 8–9-iyul kunlari Belarusga tashrifi davomida o‘zaro savdo hajmini $2 mlrdga yetkazish, shuningdek, turli sohalarda umumiy qiymati $2 mlrdlik 310 ta loyiha va tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Prezident ushbu kelishuvlarni qisqa muddatda amaliy natijaga aylantirish, yangi korxonalar va ish o‘rinlarini yaratish hamda tadbirkorlar faoliyati uchun zarur sharoitlarni ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Taqdimotda Belarusda investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun sanoat obyektlari, davlat mulki va qishloq xo‘jaligi yerlari mavjudligi qayd etildi. Mamlakat hududining 40% ini yoki 8 mln gektarini qishloq xo‘jaligi yerlari tashkil etadi.
Shuningdek, Belarusda ishlash yoki biznes yuritishni istayotgan fuqarolar va tadbirkorlar ro‘yxatini oldindan shakllantirish, Belarus tomoni bilan ish joyi, yashash sharoiti hamda loyiha uchun zarur bino va yer masalalarini kelishgan holda ularning safarini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Taqdimot davomida Andijon va Vitebsk viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik natijalari ham muhokama qilindi. Ikki hudud o‘rtasida tasdiqlangan “yo‘l xaritasi” asosida 255 nafar Andijon viloyati fuqarosi tashkiliy tartibda Vitebskka yuborilib, ish bilan ta’minlangan.
Bundan tashqari, 11 ta chorvachilik majmuasi negizida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Har bir majmua 200 boshdan 3 ming boshgacha qoramol boqish imkoniyatiga ega.
“Andijon invest” kompaniyasi ishtirokida yirik chorvachilik kompleksi va sanatoriy negizida investitsiya hamda ijtimoiy loyihalarni boshlash choralari ko‘rilmoqda.
Umuman, Vitebsk va Belarusning boshqa viloyatlarida chorvachilik, yog‘ochni qayta ishlash, logistika, savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida umumiy qiymati $100 mlndan ortiq bo‘lgan 30 ta loyiha paketi shakllantirilgan.
Xususan, Vitebsk viloyatida 3 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan yirik sut chorvachiligi majmuasi, bir nechta o‘rta hajmdagi chorvachilik xo‘jaliklari, yog‘ochni chuqur qayta ishlash hamda yog‘och chiqindilaridan pellet ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Prezident Andijon va Vitebsk viloyatlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik modelini boshqa hududlarda ham joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Unga ko‘ra, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Toshkent, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari Belarusning Vitebsk, Mogilyov, Grodno, Gomel va Brest viloyatlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Har bir hudud uchun sanoat va agrar loyihalar, tadbirkorlik tashabbuslari hamda aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan alohida “yo‘l xaritalari” ishlab chiqiladi.
Shuningdek, har bir hududdan 30 nafardan yetakchi tadbirkorni Belarusga olib borib, mahalliy hamkorlar bilan qo‘shma loyihalarni boshlash vazifasi qo‘yildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ