Toshkent va Bekobod o‘rtasida yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi
Olti vagonli zamonaviy elektropoyezd kuniga qariyb ming, yiliga esa 300 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan
Фото: пресс-служба президента
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bekobod shahriga tashrifi chog‘ida yangilangan transport infratuzilmasi bilan tanishdi. Davlat rahbari Bekobodga zamonaviy yo‘lovchi elektropoyezdida yetib bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi yo‘nalish 2025-yil oxirida qabul qilingan, 2030-yilgacha hududiy yo‘lovchi tashuvlarini rivojlantirishga qaratilgan qaror ijrosi doirasida ishga tushirildi. Loyiha mintaqaviy transport tarmog‘ini tizimli ravishda modernizatsiya qilishni nazarda tutadi.

Toshkent va Bekobod o‘rtasidagi temiryo‘l yo‘lining uzunligi 192 kmni tashkil etadi. Mazkur yo‘nalishda kuniga qariyb ming, yiliga esa 300 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilishi kutilmoqda. Bu ish va o‘qish uchun muntazam qatnovchi fuqarolar harakatini yengillashtirishi ta’kidlanmoqda.
Yangi elektropoyezd olti vagondan iborat bo‘lib, 586 o‘rinli. Uning maksimal harakat tezligi 120 km/soatni tashkil etadi. Poyezd imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus ko‘targichlar, iqlim nazorati tizimi, yumshoq o‘rindiqlar, USB quvvatlagichlar, simsiz internet, videokuzatuv kameralari, axborot tablolari hamda velosipedlar uchun alohida joylar bilan jihozlangan.

Bunday elektropoyezdlarni foydalanishga topshirish avtomobil yo‘llaridagi yuklamani kamaytirish va ekologik toza transportdan foydalanishni kengaytirish orqali atrof-muhitga salbiy ta’sirni qisqartirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Tashrif yakunida mas’ul idoralarga temiryo‘l liniyalarini elektrlashtirish ishlarini davom ettirish, vokzal infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda vokzal atroflarini obodonlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ