Markaziy bank banklar rahbariyatiga qonunbuzarliklar uchun jarima solishni boshlaydi
Endilikda jarimalar banklarning moliyaviy holati va faoliyat hajmidan kelib chiqib belgilanadi
Foto: Kapital.uz
O‘zbekiston Markaziy banki bank va nobank moliya tashkilotlariga nisbatan sanksiyalar qo‘llash tartibiga o‘zgartirishlar kiritdi. Tegishli buyruq Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Yangilangan tartib endilikda mikromoliya banklari, kredit byurolari, faktorинг va kafillik kompaniyalariga ham tatbiq etiladi.
Jarima qo‘llash mexanizmi ham o‘zgardi. Endi sanksiya miqdorini belgilashda tashkilotning moliyaviy barqarorligi va faoliyat hajmi inobatga olinadi.
Regulyator ma’muriy jarayonlar muddatlarini ham qayta ko‘rib chiqdi. Qaror qabul qilingani haqidagi ko‘chirma endilikda tashkilot yoki uning rahbariga 7 ish kuni ichida yuboriladi. Avval bu muddat 3 kun edi. Apellyatsiya kengashida shikoyatlarni ko‘rib chiqish muddati 15 kun etib belgilandi, biroq hujjatlarni batafsil o‘rganish zarur bo‘lsa, bu muddat 1 oygacha uzaytirilishi mumkin.
Markaziy bank vakolatlariga iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yangi choralar ham qo‘shildi. Regulyator moliyaviy tashkilotlarga noqonuniy yoki xato undirilgan mablag‘larni qayta hisoblash yoki mijozlarga qaytarishni majburiy tarzda yuklashi mumkin.
Bundan tashqari, ustav kapitali yetarli bo‘lmagan yoki kiberxavfsizlik talablariga rioya qilinmagani sabab bank kartalaridan mablag‘ o‘g‘irlangan holatlarda Markaziy bank ayrim operatsiyalarni cheklash huquqiga ega bo‘ladi.
Hujjatda bank rahbariyatiga nisbatan shaxsiy jarima qo‘llanishi mumkin bo‘lgan holatlar ham belgilangan. Ular qatoriga risklarni boshqarish va ichki nazorat majburiyatlarini bajarmaslik, qonunchilikka zid qarorlarni tasdiqlash, iste’molchilarga yetkazilgan zararni bartaraf etmaslik, qonunbuzarliklarni yashirishga urinish hamda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yish kiradi.
Shuningdek, Markaziy bank qo‘llangan sanksiyalar haqida rahbarlarning to‘liq ism-familiyasi bilan birga rasmiy saytida ma’lumot e’lon qilishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ