O‘zbekistonda banklar xususiylashtirilishi “O‘zsanoatqurilishbank” dan boshlanadi
“Fitch Ratings” ma’lum qilishicha, bank to‘liq tijorat modeliga o‘tishi rentabellikni yaxshilab, xorijiy investorlarning qiziqishini sezilarli oshirmoqda
O‘zbekiston bank tizimini xususiylashtirish jarayoni yangi bosqichga o‘tmoqda, deyiladi 11-noyabr kuni “Fitch Ratings” agentligi e’lon qilgan tahlilda.
Qayd etilishicha, “O‘zsanoatqurilishbank” islohotlarning samaradorligini sinovdan o‘tkazuvchi birinchi real loyiha sifatida ko‘rilmoqda.
Agentlik bankning to‘liq tijorat modeliga o‘tishi rentabellik va boshqaruv sifatini yaxshilab, xorijiy investorlarning qiziqishini sezilarli oshirayotganini ma’lum qilgan.
Bu jarayonda markaziy rolni “Franklin Templeton” boshqaruvidagi O‘zbekiston Milliy Investitsiya Jamg‘armasi (UzNIF) bajaradi. Jamg‘arma bankni o‘rta muddatli istiqbolda sotuvga tayyorlashni rejalashtirmoqda.
2025-yil oktabr oyida “O‘zsanoatqurilishbank” mamlakatda birinchi bo‘lib AT1 turidagi qimmatli qog‘ozlarni $300 mln miqdorida joylashtirdi. Ushbu qadam bank kapitalini mustahkamlab, kichik va o‘rta biznes hamda chakana kreditlash hajmini kengaytirishga imkon berdi.
“Fitch” hisob-kitoblariga ko‘ra, bu bitim kapital ko‘rsatkichlarini 300 baza punktiga yaxshilaydi va 2026–2027 yillarda bankka qo‘shimcha $80 mln foizli daromad olib keladi.
Agentlik prognoziga ko‘ra, “O‘zsanoatqurilishbank”dagi nazorat paketi UzNIF’ning 2026-yildagi IPOsidan so‘ng sotilishi mumkin. Muvaffaqiyatli bitim boshqa yirik davlat banklari — “Asakabank” va “Aloqabank” xususiylashtirilishiga ham turtki bo‘lishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, “Fitch” qayd etishicha, bu banklardagi islohotlar hozircha sekin kechmoqda: “Asakabank” past daromadli meros aktivlari bilan cheklangan, “Aloqabank” esa tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar beruvchi davlat banki sifatida yangi rol o‘ynayotgani sabab, uning xususiylashtirish ehtimoli 2030-yilgacha cho‘zilishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ