O‘zbekistonda muomaladagi bank kartalari soni 73,7 mlnga yetdi
Yil boshidan buyon to‘lov terminallari orqali amalga oshirilgan to‘lovlar hajmi 256,9 trln so‘mni tashkil etgan
Foto: Kapital.uz
2026-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekiston bank tizimida muomaladagi bank plastik kartalari soni 73,7 mln donaga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Shuningdek, mamlakat bo‘ylab 445,9 mingta to‘lov terminali hamda 46,5 mingta bankomat va infokiosk faoliyat yuritmoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar—may oylarida to‘lov terminallari orqali amalga oshirilgan to‘lovlar hajmi 256,9 trln so‘mni tashkil etgan.
Muomaladagi bank kartalari soni bo‘yicha Xalq banki 11,8 mln dona ko‘rsatkich bilan yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda Uzum Bank (6,8 mln), Agrobank (6,7 mln), Ipoteka-bank (5,6 mln), Anorbank (4,9 mln), Hamkorbank (4,9 mln) hamda Milliy bank (4,3 mln) qayd etilgan.
To‘lov terminallari soni bo‘yicha Hamkorbank 65,3 mingta qurilma bilan birinchi o‘rinni egallagan. Undan keyingi o‘rinlarda Milliy bank (42,4 mingta), Xalq banki (34,2 mingta), O‘zsanoatqurilishbank (31,2 mingta), Ipoteka-bank (27,5 mingta) va Agrobank (26 mingdan ortiq) joylashgan.
Bankomat va infokiosklar tarmog‘i bo‘yicha Xalq banki 3 132 ta qurilma bilan yetakchi bo‘ldi. Agrobankda 1 823 ta, Kapitalbankda 1 664 ta, Invest Finance Bankda 1 424 ta, Ipoteka-bankda 1 112 ta, Ipak Yo‘li bankida 1 063 ta va Milliy bankda 1 050 ta bankomat hamda infokiosk faoliyat yuritmoqda.
To‘lov terminallari orqali tushgan tushumlar hajmi bo‘yicha esa Aloqabank 28,4 trln so‘m bilan birinchi o‘rinni egalladi. Milliy bankda ushbu ko‘rsatkich 21,6 trln so‘mni, TBC Bankda 17 trln so‘mni, Ipoteka-bankda 14,2 trln so‘mni, Hamkorbankda 14 trln so‘mni, Ipak Yo‘li bankida 13,8 trln so‘mni, Uzum Bankda esa 13,7 trln so‘mni tashkil etgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ