Uorren Baffet O‘zbekistonning Got Talent shousini tomosha qiladi

96 yoshli milliarder deyarli har oqshom YouTube tomosha qiladi, biroq u ko‘radigan videolar orasida moliya mavzusidagi kontent deyarli yo‘q

Uorren Baffet O‘zbekistonning Got Talent shousini tomosha qiladi

Amerikalik milliarder va dunyodagi eng taniqli investorlarning biri Uorren Baffet O‘zbekistonning Got Talent xalqaro shousi asosidagi “O‘zbekiston Got Talent” dasturini tomosha qiladi. Bu haqda The Wall Street Journal yozmoqda.

Baffetning YouTube tomosha qilish odatlari haqida uning ko‘p yillik dugonasi Sharon Osberg so‘zlab berdi. U vaqti-vaqti bilan Baffet bilan birga YouTube tomosha qiladi. Avgust oyida ular bir necha soat davomida turli videolarni ko‘rgan va ular orasida xalqaro Got Talent shousining O‘zbekiston versiyasi — “O‘zbekiston Got Talent” ham bo‘lgan.

Baffet shouning YouTube kanaliga obuna bo‘lgan yoki yo‘qligi noma’lum, deb yozadi WSJ. Maqola e’lon qilingan vaqtda kanalning qariyb 34,5 ming obunachisi bo‘lgan.

Baffet deyarli har oqshom Omaxadagi uyida katta televizorda YouTube tomosha qiladi. Shu bilan birga, uning kechki tomosha ro‘yxatiga investitsiya va moliya haqidagi kontent deyarli kirmaydi.

Milliarderning boshqa qiziqishlari orasida 1950-yillardagi eski reklama roliklari, temiryo‘llar, big-bend davri musiqasi, Frenk Sinatraning dastlabki chiqishlari va turli havaskorlar videolari bor. Xususan, shunday oqshomlarning biridan so‘ng Baffet hamkasblariga havaskor ijrochilardan birining “My Way” qo‘shig‘ini ijro etgani yoqqanini aytgan.

Investorning YouTube’ga qiziqishi uning texnologiyalarga munosabati fonida e’tiborga molik. Baffet uzoq vaqt tugmali telefondan foydalangan va faqat yoshi ancha ulg‘ayganidan keyin iPhone’ga o‘tgan. U hali ham elektron xatlarni boshqa odamlar orqali yuboradi va qabul qiladi.

Shu bilan birga, Berkshire Hathaway so‘nggi bir yil ichida Google va YouTube’ning bosh kompaniyasi Alphabet’ning yirik aksiyadoriga aylandi. Xoldingga tegishli aksiyalar paketi qiymati qariyb $38 mlrdga baholanmoqda. Biroq Baffetning tanishlari uning YouTube’ga qiziqishi kompaniyaning ushbu investitsiyasi bilan bog‘liq emasligini ta’kidlamoqda.

2026-yil yanvarida Baffet Berkshire Hathaway bosh direktori lavozimini Greg Abelga topshirdi, sentyabr oyida esa direktorlar kengashi raisi lavozimini ham tark etdi. Shunga qaramay, u kompaniyaning ayrim investitsiya qarorlarida ishtirok etishda davom etmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda $625 mlnga yana 5 ta chiqindi qayta ishlash zavodi quriladi
/
O‘zbekistonda $625 mlnga yana 5 ta chiqindi qayta ishlash zavodi quriladi
O‘zbekistonda bank kartalari soni 77,3 mln donadan oshdi
/
O‘zbekistonda bank kartalari soni 77,3 mln donadan oshdi
Ilon Maskning boyligi  yana $1 trlndan oshdi
/
Ilon Maskning boyligi yana $1 trlndan oshdi