Jizzaxda Aydar-Arnasoy qirg‘oq bo‘yida turizm markazi qurish rejalashtirilmoqda
Shuningdek, Zomin tumanida ham madaniyat saroyi va san’at maktabi quriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Jizzax viloyatiga tashrifi davomida hududda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, prezident qarori bilan viloyatda 2025-yilda 2 milliard dollar investitsiya jalb etish, eksportni $285 mlnga yetkazish, 168 ming odamni ishli qilish chora-tadbirlari belgilangan.
Unga muvofiq, o‘tgan olti oyda Jizzaxda sanoat, servis va qishloq xo‘jaligida 200 ta loyiha ishga tushdi. Viloyatga $662 mln investitsiya kirib keldi. Natijadorlikni oshirish maqsadida Jizzax viloyati Zomin tumanida ham “Islohotlar shtabi” tuzildi.
“Yagona darcha” tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi xizmatlarini bitta joyga jamlagan “Agromarkaz” tashkil etildi. Hosildorlikni oshirishga qaratilgan yangicha yondashuvlar viloyatda oziq-ovqat mahsulotlari sifatiga ijobiy ta’sir etib, aholini ko‘proq daromad topishiga imkon yaratmoqda, deyiladi xabarda.
Jizzax viloyati kartoshkachilikni rivojlantirishga zamin qilib olinib, bugungi kunda Zomin ilmiy tajriba stansiyasida xorijiy va mahalliy seleksiyaga mansub 12 ta nav birlamchi urug‘chiligi yo‘lga qo‘yildi.
Odatda urug‘lik kartoshka yetishtirish 6−7 yilni va 8 ta bosqichni talab qiladi, yangi taklifga ko‘ra esa, qayd etiladi xabarda, jarayon 4 bosqichga kamaytirilib, 2 yilda tayyorlanadi. Bunda kartoshkaning yangi seleksiya navlaridan 12 tonna yuqori avlod super elita urug‘lik aholi xonadonlariga bepul tarqatiladi. Natijada 120 tonna elita kartoshka urug‘ligi yetishtiriladi.
Shuningdek, dukkakli ekinlar ekish, Zarbdor tumanidagi kanalda nasos stansiyalari va magistral quvurlar qurish rejalari belgilangan.
“Zomin” turistik-rekreatsion zonasi, Zomin aeroporti va yangi yo‘llar yilning to‘rt faslida ham sayohat qilish imkoniyatlarini kengaytirgan, xususan, yirik 6 ta kanal bo‘yida sayilgohlar tashkil qilingan. Endi Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi qirg‘oq bo‘yida ham zamonaviy turizm markazi qurish rejalashtirilmoqda.
Tumanlarga sanoatni olib kirib, odamlarni ishli qilishga harakat qilyapmiz. Ilgari dasht bo‘lgan joylarda zamonaviy korxonalar paydo bo‘lyapti. Odamlarimiz hunaridan, tomorqasidan ham daromad topayapti. Lekin bu bugungi natija. Yangi avlod yetishib kelyapti, yoshlarimizning bilimi, talabi oshib boryapti. Ularning ishlashi, yaxshi yashashi uchun hozirdan zamin yaratishimiz kerak. Agar imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanilsa, Zomin tumani ishsizlikdan xoli hudud bo‘la oladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bundan tashqari, Ko‘kdala tajribasi asosida Zomin tumanida ham madaniyat saroyi va san’at maktabi qurilishi rejalashtirilgan. Madaniyat saroyi 300 o‘rinli bo‘lib, tuman markazidagi 45 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadi. Bu yerda “Zomin sayqali” folklor-etnografik jamoasi, 13 ta to‘garak faoliyat yuritadi.
Mutasaddilarga ushbu rejalar ijrosi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivoji bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shu bilan prezidentning Jizzax viloyatiga tashrifi yakunlandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ