O‘zbekistonda avtoraqam auksionda 1,6 mlrd so‘mga sotildi
Lotning boshlang‘ich narxi 187,5 mln so‘m bo‘lgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda onlayn-auksion orqali nufuzli davlat raqam belgisi – 10 777 ZZZ rekord summa, ya’ni 1,64 mlrd so‘m evaziga xarid qilindi.
Auksion ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu lotning boshlang‘ich narxi 187,5 mln so‘m bo‘lgan. Savdo jarayonida raqamga talab keskin oshdi va yakunda takliflar qiymati sakkiz barobardan ko‘proq oshib, 1,56 mlrd so‘mga yetdi. Keyingi minimal qadam esa 1,57 mlrd so‘m bo‘lishi mumkin edi.
G‘olib xaridor asosiy to‘lovdan tashqari yana 78,3 mln so‘m miqdorida komissiya va 18,75 mln so‘m garov to‘lovlarini amalga oshirgan. Umumiy xarajatlar qo‘shimcha 97 mln so‘mni tashkil qildi.
Ma’lumki, bir xil raqam va harflardan iborat avtonomerlar har doim yuqori talabga ega bo‘lib, ular avtomobil egalarining maqomini ifodalovchi ramz sifatida qaraladi. Bu holat esa bunday raqamlar atrofida raqobatni yanada kuchaytiradi.
Kapital.uz avvalroq “chiroyli” avtoraqam 720 mln so‘mdan ortiqqa sotilgani haqida xabar bergandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ