2026-yil 1-yanvarga qadar mahalliy aviaqatnovlarga subsidiya beriladi
Subsidiya miqdori aviachipta narxining 25%i miqdorida amal qiladi
Фото: uzbekistan.travel
“Mahalliy aviaqatnovlarni subsidiyalashning yangi tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.
Hujjatda aholiga mahalliy yo‘nalishlarda maqbul narxdagi aviaqatnovlarni taqdim etish, ijtimoiy va turistik ahamiyatga ega mahalliy aviayo‘nalishlarda aviachipta narxining bir qismini qoplab berish mexanizmini takomillashtirish maqsad qilingan.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish hamda ijtimoiy ahamiyatga ega yo‘nalishlar xarajatlarining bir qismini O‘zbekiston respublika budjetidan qaytarish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, aviakompaniyalarga ichki turizm, shu jumladan, ijtimoiy ahamiyatga ega mahalliy yo‘nalishlarda aviachipta narxining 25%i miqdorida subsidiya ajratilishi 2026-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.
Rezident aviakompaniyalar tomonidan mahalliy aviayo‘nalishlarda aviachipta narxining bir qismini davlat budjeti hisobidan subsidiyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom, mahalliy aviayo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshiruvchi rezident aviakompaniyalarga xalqaro “slot”lar berish tartibi tasdiqlanadi.
Transport vazirligi Uzbekistan Airports bilan birgalikda rezident sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, ichki aviaqatnovlarda parvozlarni amalga oshirish bo‘yicha majburiyat olgan xorijiy aviakompaniyalar uchun to‘qqizinchi “havo erkinligini” taqdim etish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Mahalliy aviayo‘nalishlar bo‘yicha aviachipta uchun ajratiladigan subsidiya miqdori Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Kapital.uz avvalroq aviatashuvchilarga subsidiya miqdorini belgilash bo‘yicha maxsus komissiya tarkibi qayta tasdiqlandi haqida xabar bergandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ