O‘zbekistonda 2030-yilgacha AT-xizmatlar eksportini $5 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda
Shuningdek, IT-Park rezidentlarining xodimlari uchun soliq imtiyozlarini 2040-yilgacha uzaytiriladi
Фото: пресс-служба президента
Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini joriy etish, startaplar ekotizimini rivojlantirish hamda telekommunikatsiya sohasida tadbirkorlik muhitini yaxshilash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda raqamli davlat xizmatlarini kengaytirish, davlat idoralari faoliyatiga zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish, aholi va tadbirkorlar uchun qulayliklarni oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Buning natijasida Oʻzbekiston BMTning “Elektron hukumat” reytingida 24 pogʻona yuqoriladi. 2030-yilga qadar mamlakatimizni ushbu yoʻnalishda kuchli 30 ta davlat qatoriga kiritish maqsad qilingan.
Joriy yilda raqamli xizmatlar soni 880 taga, ulardan foydalanuvchilar soni esa 15,5 mln nafarga yetishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, 2024-yilda raqamli xizmatlar soni 525 ta, foydalanuvchilar soni 4 mln nafar boʻlgan.
Qolaversa, davlat boshqaruvida maʼlumotlar bazalari va axborot tizimlari turli idoralar kesimida tarqoq holda shakllangani, ularni tahlil qilish va qaror qabul qilish jarayonlarida yagona yondashuv yetishmayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Shu bois, davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini bosqichma-bosqich joriy etish taklif qilindi. Mazkur tizim orqali hudud iqtisodiyoti, investitsiya, ekologiya, xavfsizlik masalalari, aholini qiynayotgan muammolar, mahallalarning farovonlik darajasi, fazoviy maʼlumotlar, obyektlar va xarita qatlamlari yagona platformada aks ettiriladi.
Platforma sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida maʼlumotlarni tahlil qilish, hududlar kesimida muammolarni barvaqt aniqlash, qarorlar ijrosini monitoring qilish, resurslarni toʻgʻri yoʻnaltirish va boshqaruv samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari joriy yilda ushbu raqamli boshqaruv tizimini poytaxtda, kelgusi yildan esa barcha hududlarda joriy qilish zarurligini taʼkidladi.
Taqdimotda tovar va xizmatlarni yagona milliy tasniflash tizimini ishga tushirish masalasi ham koʻrib chiqildi. Hozirda bojxona, soliq, statistika va boshqa idoralar turli tovar klassifikatorlaridan foydalanmoqda. Bu esa biznes xarajatlarining ortishi, hisobotlar aniqligi pasayishi va idoralararo maʼlumot almashinuvida qiyinchiliklarga sabab boʻlmoqda.
Yagona milliy tasniflash tizimi joriy etilsa, tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik jarayonlar qisqaradi, davlat idoralari oʻrtasida maʼlumot almashinuvi soddalashadi, statistik hisobotlarning aniqligi oshadi.
Shuningdek, milliy navigatsiya tizimini yaratish taklifi bildirildi. Bugungi kunda mamlakatimizda mazkur yoʻnalishda asosan xorijiy platformalardan foydalanilayotgani qayd etildi. Milliy navigatsiya tizimi geomaʼlumotlarni yagona standart asosida shakllantirish, transport, logistika, tezkor xizmatlar, shaharsozlik va davlat xizmatlarini sifatli tashkil etishga xizmat qiladi.
Taqdimotda AT sohasi eksporti va startaplar ekotizimini rivojlantirish rejalari ham koʻrib chiqildi. 2030-yilgacha AT eksportini $5 mlrdga yetkazish, 5 mingta faol startap tashkil etish va $2 mlrd investitsiya jalb qilish maqsad qilingan.
Xalqaro “StartupBlink” reytingida Oʻzbekiston 31 pogʻona yuqorilab, dunyodagi eng tez oʻsayotgan startap ekotizim sifatida baholangani, Toshkent shahri Markaziy Osiyo shaharlari orasida 1-oʻrinni egallagani, Samarqand va Fargʻona ilk bor dunyoning TOP-1000 startap shaharlari reytingiga kirgani qayd etildi.
Bu borada “Talent Hub” dasturi ishga tushirilishi belgilangan. U orqali xorijiy mutaxassislar va investorlarga masofadan korxona, bank hisobraqami va xalqaro karta ochish imkoniyati yaratiladi. IT-Park rezidentlarining xodimlari uchun soliq imtiyozlarini 2040-yilgacha uzaytirish, “IT visa” va “Zero Risk” dasturlarini kengaytirish taklif qilindi.
Shuningdek, AT eksportchi korxonalariga oylik ish haqi xarajatlarining bir qismini qoplab berish, xalqaro sertifikatlash xarajatlarini kompensatsiya qilish, xorijiy buyurtmachilar va mutaxassislarni jalb etish uchun relokatsiya xarajatlarini qisman qoplash kabi qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari koʻzda tutilmoqda.
Buxoro va Fargʻonada 20 dan ortiq akseleratsiya dasturlarini tashkil etish, startaplarni yirik xalqaro bozorlarga olib chiqish boʻyicha ham takliflar taqdim etildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ