AQSHda po‘lat va alyuminiy uchun bojni 50% gacha oshirildi
Mazkur tartib 4-iyundan kuchga kirdi va faqat Buyuk Britaniyaga boj miqdori 25% etib belgilandi
AQSH prezidenti Donald Tramp po‘lat va alyuminiy importiga bojlarni ikki baravarga — 25% dan 50% ga oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qaror avtomobillardan tortib konserva idishlarida ishlatiladigan metallarning import soliqlariga amal qiladi. Trampga ko‘ra, qaror bugun, 4-iyundan kuchga kiradi. Biroq, tanqidchilarning ta’kidlashicha, bu choralar AQSHdan tashqaridagi po‘lat ishlab chiqaruvchilarga zarar yetkazibgina qolmay, mamlakat kompaniyalari va sanoatiga zarar yetkazishi mumkin.
Ammo Buyuk Britaniyaga bu borada vaqtincha yengillik berildi: mamlakat po‘lat va alyuminiy bojlari 25% etib belgilangan. Bunga ikki mamlakat o‘rtasida may oyida imzolangan tarif pakti sabab qilib ko‘rsatilgan. Buyuk Britaniya hukumati vakilining ta’kidlashicha, mamlakat bu masalani AQSH bilan yana ko‘rib chiqib, tariflar butunlay olib tashlanishiga harakat qiladi.
AQSH Yevropa Ittifoqidan keyin dunyodagi eng yirik po‘lat importchisi hisoblanib, metallning katta qismini Kanada, Braziliya, Meksika va Janubiy Koreyadan import qiladi. Birinchi prezidentlik davrida Tramp po‘latga 25% va alyuminiyga 10% lik bojlar joriy qilgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ