Milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 19,7% ni tashkil etdi
Aprel oyida jismoniy shaxslarga berilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 20,4%, tijorat kreditlari bo‘yicha esa 22% bo‘ldi
Foto: Kapital.uz
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil aprel oyida milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan nominal foiz stavkasi 19,7% ni tashkil etdi.
Shundan jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 20,4%, yuridik shaxslarga berilgan kreditlarda esa 19,4% darajasida shakllangan.
Milliy valyutadagi kreditlar tarkibida tijorat kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 22% ni tashkil etgan bo‘lsa, imtiyozli kreditlar bo‘yicha bu ko‘rsatkich 9,3% bo‘lgan. Jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar orasida bir yilgacha bo‘lgan kreditlar bo‘yicha stavkalar eng yuqori bo‘lib, 25,6% ni tashkil etdi. Bir yildan ortiq muddatga berilgan kreditlarda esa o‘rtacha foiz stavkasi 20,3% bo‘lgan.
Yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha bir yilgacha bo‘lgan qarz mablag‘lari uchun o‘rtacha stavka 21,1%, bir yildan ortiq muddatli kreditlarda esa 18,5% ni tashkil etgan.
Tijorat kreditlari bo‘yicha stavkalar yuqoriligicha qolmoqda
Aprel oyida tijorat kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 22% darajasida qayd etildi.
Jismoniy shaxslarga berilgan tijorat kreditlari bo‘yicha o‘rtacha stavka 21,3% bo‘lgan. Bir yilgacha bo‘lgan kreditlarda bu ko‘rsatkich 27,8% ga yetgan bo‘lsa, uzoq muddatli kreditlarda 21,2% ni tashkil qilgan.
Yuridik shaxslar uchun tijorat kreditlari bo‘yicha o‘rtacha stavka 22,6% bo‘lib, bir yilgacha bo‘lgan kreditlarda 21,9%, bir yildan ortiq muddatli kreditlarda esa 23% darajasida shakllangan.
Imtiyozli kreditlar bo‘yicha stavkalar 10% dan past
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, imtiyozli kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 9,3% ni tashkil etgan.
Jismoniy shaxslarga ajratilgan imtiyozli kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 11,1% bo‘lgan. Bir yilgacha muddatli kreditlarda bu ko‘rsatkich 4,1%, bir yildan ortiq muddatli kreditlarda esa 11,3% ni tashkil qilgan.
Yuridik shaxslarga ajratilgan imtiyozli kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 8,9% bo‘lib, qisqa muddatli kreditlarda 8,1%, uzoq muddatli kreditlarda esa 9% darajasida qayd etilgan.
Real foiz stavkalari 8% dan yuqori bo‘ldi
Aprel oyida aholi inflyatsion kutilmalari 10,6%, biznes subyektlarining inflyatsion kutilmalari esa 10,3% ni tashkil etdi.
Shu asosda hisoblangan real foiz stavkalari jismoniy shaxslarga berilgan milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha 8,8%, yuridik shaxslarga berilgan kreditlar bo‘yicha esa 8,2% darajasida shakllangan.
Tijorat kreditlari segmentida real foiz stavkasi jismoniy shaxslarda 9,7%, yuridik shaxslarda esa 11,1% ni tashkil etgan.
Imtiyozli kreditlar bo‘yicha real foiz stavkasi jismoniy shaxslarda 0,5% bo‘lgan bo‘lsa, yuridik shaxslar uchun manfiy hududda qolib, minus 1,3% ni tashkil qilgan.
2026-yil aprel holatiga ko‘ra, chet el valyutasidagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 10,2% ni tashkil etdi.
Bir yilgacha bo‘lgan valyuta kreditlari bo‘yicha stavka 9,5%, bir yildan ortiq muddatli kreditlarda esa 10,4% bo‘lgan.
Yillik hisobda valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 0,2 foiz punktga oshgan. Bir yilgacha bo‘lgan kreditlarda ham 0,2 foiz punktlik o‘sish qayd etilgan, uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha esa stavkalar o‘zgarishsiz qolgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ