BAAning AMEA Power kompaniyasi O‘zbekistondagi energetika loyihalariga $1,3 mlrd investitsiya kiritadi
Investor mamlakatning uch hududida shamol elektr stansiyasi va energiya saqlash tizimlarini quradi
Фото: Минэнерго
BAAning AMEA Power kompaniyasi Qoraqalpog‘iston, Buxoro viloyati va Toshkent shahrida qayta tiklanuvchi energetika obyektlarini amalga oshirishni boshladi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Loyihalarga rasman start berish marosimi 13-may kuni “O‘zbekiston energetika haftaligi” doirasida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda energetika vaziri Jurabek Mirzamaxmudov hamda xorijiy kompaniya rahbari Husayn al-Novays ishtirok etdi.
Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida quvvati 150 MVt bo‘lgan energiya saqlash qurilmasi barpo etilishi boshlandi. Mazkur loyiha qiymati $86,1 mlnni tashkil etadi.
Ikkinchi energiya saqlash majmuasi Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida quriladi. Tizim quvvati 200 MVt bo‘lib, investitsiyalar hajmi qariyb $200 mlnga baholanmoqda.
Eng yirik loyiha esa Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida 1 GVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi bo‘ladi. Obyektni yagona energetika tizimiga ulash uchun 40 kilometr yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari tortiladi. Qurilishning umumiy qiymati $1,06 mlrddan oshadi.
2024-yil may oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumida Qo‘ng‘irot tumanida umumiy quvvati 6 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha bitimlar imzolangan edi. Unga ko‘ra, Saudiyaning ACWA Power kompaniyasi $6,2 mlrd evaziga 5 GVtli stansiya, AMEA Power esa $1,1 mlrd evaziga 1 GVtli stansiya qurishi belgilangan.
2025-yil noyabr oyida O‘zbekiston BAA kompaniyalari bilan energiya saqlash quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Muzokaralar yakuniga ko‘ra, Masdar Navoiy viloyatida 300 MVtli majmua, AMEA Power esa 800 MVt-soat sig‘imga ega 200 MVtli tizim qurishni o‘z zimmasiga olgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ