AKFA Aluminium xalqaro bozorga ilk obligatsiyalarini chiqarishni rejalashtirmoqda
Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya investorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish uchun Citigroup va JPMorgan'ni jalb qilgan
O‘zbekistonning yirik xususiy sanoat kompaniyalaridan biri — AKFA Aluminium Group ilk bor xalqaro obligatsiyalar chiqarish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda Bloomberg manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya 13-iyul kuni Londonda boshlanadigan ikki kunlik investorlar bilan uchrashuvlar (roadshow)ni tashkil etish uchun Citigroup va JPMorgan banklarini jalb qilgan.
Uchrashuvlar dastlabki bosqich hisoblanadi va kompaniya yaqin muddatda obligatsiyalarni joylashtirishni rejalashtirmayapti. Ammo tadbirda kompaniyaning yuqori amaldorlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Nashrning yozishicha, Citigroup va JPMorgan ushbu masala yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan. AKFA esa Bloomberg’ning izoh so‘rab yuborgan murojaatlariga javob bermagan.
Shu bilan birga, AKFA Aluminium 8-may kuni aksiyalarni dastlabki ommaviy joylashtirish (IPO) bo‘yicha qaror qabul qilinganini ma’lum qildi.
Kompaniya bayonotiga ko‘ra, bu qaror jamiyat rivojlanishidagi muhim bosqich bo‘lib, korporativ boshqaruvni takomillashtirish, shaffoflikni oshirish hamda axborotni oshkor etish amaliyotini kuchaytirishga qaratilgan.
AKFA 2000-yilda tadbirkor va Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan tashkil etilgan. Kompaniya qurilish sanoati uchun alyuminiy va plastmassa mahsulotlari ishlab chiqaradi hamda mahsulotlarini 30 dan ortiq mamlakatga eksport qiladi.
Org.info ma’lumotlariga ko’ra, “AKFA ALUMINIUM” MCHJning ustav fondi 664,8 mlrd so‘mni tashkil etadi. Korxonaning 50% ulushi tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev, qolgan 50%i esa Nigoraxon Ortiqxo‘jayevaga tegishli. Kompaniyaga Bahodir Abdullayev rahbarlik qiladi.
2024-yilda S&P Global Ratings kompaniyaga B+ kredit reytingini bergan. Mazkur reyting keyingi ikki yil davomida o‘zgarishsiz saqlanib qolgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ