O‘zbekistonga yil boshidan buyon 9,1 mln xorijlik sayyoh tashrif buyurdi
Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,1% ga ko‘p bo‘lib, eng katta sayyohlar oqimi Qirg‘izistondan kelgan
Foto: Kapital.uz
2026-yilning yanvar−avgust oylarida 9 mln 102,7 ming nafar chet el fuqarosi turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Mazkur ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 1,6 mln nafarga yoki 21,1% ga oshgan.
O‘zbekistonga eng ko‘p sayyohlar Qirg‘izistondan kelgan — 2 mln 524,4 ming nafar. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston — 2 mln 171,6 ming nafar hamda Tojikiston — 2 mln 25,4 ming nafar bilan qayd etilgan.
Hisobot davrida Rossiyadan 867,8 ming nafar, Afg‘onistondan 329,6 ming nafar, Xitoydan 318,5 ming nafar va Turkmanistondan 224,8 ming nafar sayyoh tashrif buyurgan.
Shuningdek, yuqori o‘ntalikdan Turkiya 130,2 ming nafar, Hindiston 39,5 ming nafar va Germaniya 32,2 ming nafar turist bilan o‘rin olgan.
Avvalroq yetti oyda 7,7 mln nafardan ortiq sayyoh mamlakatga tashrif buyurgani haqida xabar berilgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ