O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan sanoat-texnologik alyans tuzadi

Tomonlar sanoat kooperatsiyasi, energetika, sun’iy intellekt, mikroelektronika, biotexnologiya va transport infratuzilmasida hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan sanoat-texnologik alyans tuzadi

Shavkat Mirziyoyev va Janubiy Koreya bosh vaziri Han Song Suk qo‘shma biznes forumning ochilishida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda ikki mamlakat davlat tuzilmalari va ishbilarmon doiralarining 300 nafardan ziyod vakili, jumladan, yetakchi moliya institutlari, yirik sanoat korxonalari va savdo kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Xususan, Koreya tomonidan Lotte Chemical, Hyundai Motor Group, Samsung C&T, CJ Group, Shinhan Financial Group, Hyundai Rotem, Kind, Bomi, Kia Corporation, Sampyo Group, Hansae Mobility kabi yirik kompaniyalar qatnashdi.

Davlat rahbari o‘z so‘zida Koreya O‘zbekistonning vaqt sinovidan o‘tgan do‘sti va alohida strategik sherigi ekanini, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik esa O‘zbekiston – Koreya ko‘p qirrali hamkorligining ustuvor yo‘nalishlaridan birini tashkil etishini taʼkidladi.

Yetakchi koreys kompaniyalarining O‘zbekistonda samarali faoliyat yuritib, mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shayotgani alohida qayd etildi.

Bugun O‘zbekiston industrial va texnologik taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Shu bois, o‘zaro savdo hajmini oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda.

Mamlakat yetakchisi tomonidan O‘zbekistonning resurs salohiyati, Koreyaning ilg‘or texnologiyalari va ikki mamlakat kompaniyalarining investitsiyaviy imkoniyatlarini birlashtirish orqali yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalarini yaratish taklif etildi.

Prezident kelgusida iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Xususan, sanoat kooperatsiyasi, energetika va “yashil iqtisodiyot”, transport va zamonaviy infratuzilma, raqamlashtirish hamda sun‘iy intellekt sohalarida hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika, biotexnologiya va farmatsevtika, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda kadrlar tayyorlashga e‘tibor qaratildi.

Koreya kompaniyalari misni qayta ishlash, elektrotexnika uskunalari ishlab chiqarish, avtomobil va elektromobillar uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, robototexnika hamda biotexnologiya sohalaridagi loyihalarga taklif etildi.

Shu bilan birga, gidroenergetika, energiyani saqlash tizimlari, energetika tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda transport va shahar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilish taklif qilindi.

Sanoat-texnologik hamkorlikni chuqurlashtirishning amaliy mexanizmi sifatida O‘zbekiston – Koreya sanoat-texnologik alyansini tuzish taklif etildi.

Prezident mamlakatda koreys biznesining faoliyati uchun kelgusida qulay shart-sharoitlarni yaratish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

WB Taxi’ga shikoyatlardan keyin kamchiliklarni bartaraf etish talab qilindi
/
WB Taxi’ga shikoyatlardan keyin kamchiliklarni bartaraf etish talab qilindi
O‘zbekistonda davlat budjeti daromadlari 207,4 trln so‘mga yetdi
/
O‘zbekistonda davlat budjeti daromadlari 207,4 trln so‘mga yetdi
Toshkentning kelajagi shaharsozlik va ekologiya nuqtayi nazaridan qayta tahlil qilinadi
/
Toshkentning kelajagi shaharsozlik va ekologiya nuqtayi nazaridan qayta tahlil qilinadi