O‘zbekistonda davlat budjeti daromadlari 207,4 trln so‘mga yetdi
Birinchi yarim yillikda budjet daromadlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 63,2 trln so‘mga oshgan
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
2026 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston Davlat budjeti daromadlari 207,4 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.
Hisobotga ko‘ra, , 2026 yilning birinchi yarmida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 8,5% ga oshgan. Xususan, bozor xizmatlari 16,9%, sanoat ishlab chiqarishi 8%, qurilish 13,8% va qishloq xo‘jaligi 4,7% ga o‘sdi. Yil boshiga nisbatan inflyatsiya darajasi 3,3% gacha pasaydi.
Asosiy kapitalga investitsiyalar 17,5% ga oshib, 338,9 trln so‘mni tashkil etdi. To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi $12,4 mlrdga yetdi.
Oltin eksporti hisobga olinmaganda, eksport hajmi 31,6% ga o‘sib, $14,4 mlrdni tashkil etdi.
Hisobot davrida davlat budjeti daromadlari 207,4 trln so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 63,2 trln so‘mga ko‘p. Daromadlar tarkibida bevosita soliqlar 77 trln so‘mni, bilvosita soliqlar 61,6 trln so‘mni, resurs va mol-mulk soliqlari 29,1 trln so‘mni tashkil etdi.
Mahalliy budjetlarda 6,2 trln so‘mlik qo‘shimcha manbalar shakllantirildi.
Davlat budjeti xarajatlarining 51,5%i yoki 105,8 trln so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirildi. Jumladan, ta’lim uchun 49,5 trln so‘m, sog‘liqni saqlashga 22,7 trln so‘m, nafaqa va moddiy yordam to‘lovlariga 7,3 trln so‘m ajratildi.
Barqaror rivojlanish milliy maqsadlari doirasida budjet xarajatlarining 78,5%i yoki 161,3 trln so‘mi ushbu maqsadlarga yo‘naltirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ