Keyingi 5 yilda O‘zbekistonda $180 mlrdlik yangi quvvatlar ishga tushiriladi
2030-yilgacha metall mahsulotlariga yillik ehtiyoj 8 mln tonnadan oshishi prognoz qilinmoqda
Фото: «ТАСС»
Keyingi besh yilda O‘zbekistonda $180 mlrdlik yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi, $27 mlrdlik infratuzilma loyihalari amalga oshiriladi va 800 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar barpo etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev qora metallurgiya sanoatini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Davlat rahbari qora metallurgiya qurilish, qurilish materiallari, avtomobilsozlik, mashinasozlik, energetika va elektrotexnika kabi umumiy hajmi $50 mlrdlik iqtisodiyot tarmoqlari uchun asosiy xomashyo bazasi ekanini ta’kidladi.
Yig‘ilishda iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish hamda 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini $240 mlrdga yetkazish uchun har yili kamida 8–9% iqtisodiy o‘sishni ta’minlash zarurligi qayd etildi.
Shu bilan birga, sohada importga qaramlikning yuqoriligi, mahsulot tannarxi va energiya sarfi, shuningdek, raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha natijalar yetarli emasligi tanqid qilindi.
Prezident global geosiyosiy vaziyat va xalqaro transport yo‘laklaridagi logistika muammolari fonida qora metallurgiya tarmog‘ining xomashyo bazasini mustahkamlash, mahsulot turlari va sifatini oshirish ustuvor vazifaga aylanganini ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi o‘n yilda mamlakatda po‘lat list, navli prokat, quvurlar va metall konstruksiyalarga bo‘lgan talab uch baravar oshib, 5,5 mln tonnaga yetgan.
Yangi qurilishi rejalashtirilayotgan atom elektr stansiyasi, To‘rtinchi mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodining o‘zi uchun qariyb 2,5 mln tonna po‘lat list va armatura talab etiladi.
Kelgusi besh yilda iqtisodiyotga $180 mlrdlik yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilishi, $27 mlrdlik infratuzilma loyihalari amalga oshirilishi hamda 800 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi natijasida metall mahsulotlariga bo‘lgan yillik ehtiyoj 2030-yilgacha 1,5 baravar oshib, 8 mln tonnadan ortishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan davlat rahbari mutasaddilarga ushbu talabni qaysi ishlab chiqarish quvvatlari hisobidan qoplash bo‘yicha aniq hisob-kitob va rejalarga ega bo‘lish zarurligini topshirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ