Transport vaziri: 2030-yilgacha O‘zbekistonda asfalt qilinmagan ichki yo‘l qolmaydi
Bugungi kunga qadar loy, tuproq yo‘llarini 70% shag‘alga, ayrimlari asfaltga o‘tkazilgan
O‘zbekistonda 2030-yilgacha mahallalardagi barcha asfaltlanmagan ichki yo‘llar tartibga keltiriladi. Bu haqda 11-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan “Hukumat soati”da transport vaziri Ilhom Maxkamov ma’lum qildi.
Deputatlardan biri mahalliy yo‘llar holatiga e’tibor qaratilmayotganini tanqid qildi. Ayniqsa, kuz-qish mavsumida aholi ularning qoniqarsiz ahvolidan shikoyat qilib kelayotganini alohida ta’kidladi.
Respublika miqyosidagi yo‘llar bo‘yicha islohot haqiqatan zo‘r, juda chiroyli olib borilyapti. Lekin ba’zi bir joylarga borganimizda Open budget’ga qo‘yolmaydigan mahallalar bor, ovoz berolmaydigan mahallalar bor, — dedi u.
Shuningdek, deputat ajratilgan mablag‘ mahalliy yo‘llarni saqlash uchun yetarli bo‘ladimi yoki yo‘qligiga shubha bildirdi:
Hozir hisobotda ham turibdi — mahalliy hokimliklarga o‘tkazish masalasi. Ularning balansiga o‘tkazilyapti. Bitta tumanga 4 mlrd mablag‘ ajratilyapti, yana qo‘shimcha jamg‘armadan ajratilar ekan. Lekin mahalliy hokimlikning puli mahalliy yo‘lga yetish ehtimoliyati hisob-kitob qilinganmi? Doim kuz-qish mavsumi boshlansa, bizga murojaatlar ko‘payadi. “Farzandlarimiz loy yo‘llardan maktabga boryapti, bog‘chaga boryapti”, degan masalalar bor”, — dedi u.
Biz mahalliy hokimlikka qarab qoladigan bo‘lsak, ertaga biz aholining oldida hech qanday aniq javob yoki yechim bera olmaymiz, — deya qo‘shimcha qildi deputat.
Bunga javoban transport vaziri Ilhom Mahkamov hisobotda mahalliy avtomobil yo‘llarini yaxshilash dasturi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilmaganini tan oldi va bunday dastur mavjudligi va amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.
Bizda aniq dastur bor. Men, ming afsus, ko‘rsatmabman. Bizning tasarrufimizda bo‘lmagan taqdirda ham buning umumiy siyosatni biz yuritamiz. Mahalliy hokimliklarning bo‘yniga qoldi degani bilan ham alohida parametr bo‘yicha, budjetning parametri bo‘yicha ularga o‘sha yo‘llarni ta’mirlash ishlari bo‘yicha parametr, pul belgilab ketiladi. Siz aytganingizdek, 4 mlrddan tashqari, bu misol tariqasida, 4 mlrddan tashqari ularda qoldiq sifatida qolgan pullarni ham asosiy manbalardan bittasi bu yo‘l ta’mirlashdir, — dedi u.
Transport vazirligi rahbari besh yildan so‘ng mahallalardagi barcha asfaltlanmagan yo‘llar tartibga keltirilishini ma’lum qildi. Xususan, mahalla, ichki yo‘llarda 2030-yilgacha asfalt qilinmagan yo‘l qolmaydi. Bugungi kunda vazirlik tomonidan 70% loy, tuproq yo‘llarini ayrimini shag‘alga, ayrimini asfaltga o‘tkazilgan.
Qolgan 30% ini, umuman, tuproq yo‘llarni ikki yilda shag‘alga o‘tkazamiz va 2030-yilgacha yurib bo‘lmaydigan aholi punktining o‘zi qolmaydi, — deb ishontirdi Ilhom Maxkamov.
Bu ambitsioz bo‘lgan taqdirda ham, lekin mana, Moliya va iqtisodiyot vazirligi bilan birga bo‘ynimizga olgan tizim, — dedi u.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ