“Toshkent” respublika fond birjasi 2024-yilda 21,95 trln so‘mlik savdo bitimlari tuzgan
Shundan qimmatli qog‘ozlar bilan tuzilgan bitimlar ulushi 89% ni tashkil etgan

Фото: РФБ «Тошкент»
“Toshkent” respublika fond birjasining 2024-yildagi savdolarining umumiy hajmi 21,95 trln so‘mni ($1,71 mlrd) tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 19,06 trln so‘mga yoki 659,3%ga o‘sdi. Bu haqda birja rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Tuzilgan bitimlarning 89,11% yoki 19,56 trln so‘mi ($1,53 mlrd) birja kotirovkalash varag‘iga kiritilgan qimmatli qog‘ozlar bilan tuzilgan bitimlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Savdolar hajmning qolgan qismi uyushgan birjadan tashqari bozordagi bitimlarga to‘g‘ri keladi.
Birja savdo maydonchalarida tuzilgan bitimlarning umumiy soni 498, 381 tani tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 86, 511 taga yoki 21,0% ga ko‘p.
Shu bilan birga, birja kotirovkalash varag‘iga kiritilgan qimmatli qog‘ozlar bilan 446, 967 ta bitim, listingdan tashqari savdo maydonchasida esa 51, 414 ta bitim tuzildi.
Yil yakunlariga ko‘ra, UCI indeksi 7,7% ga pasayib, 655,12 punkt darajasida yopildi. Aksiyalar bozorining kapitallashuvi 72,99 trln so‘mga ($5,65 mlrd) yoki 43,1% ga oshdi va 242,4 trln so‘m ($18,8 mlrd) ga yetdi. Uning YaIMga nisbatan ulushi 16,7% ni tashkil qilgan.
Yil oxirida birja kotirovkalash varag‘ida 93 ta emitentning 142 ta moliyaviy instrumenti mavjud edi. Yil davomida birja kotirovkalash varag‘iga 15 ta emitentning 23 ta moliyaviy instrumenti kiritildi: 7 ta korporativ obligatsiyalar va 16 ta aksiyalar chiqarilishi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ