Toshkentda bo’lib o’tayotgan biznes-forum doirasida 193 ta AQSH kompaniyalari bilan uchrashuv o’tkazildi

Tomonlar foydali qazilmalarni qazib olish, aviatsiya, moliya va raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi

Toshkentda bo’lib o’tayotgan biznes-forum doirasida 193 ta AQSH kompaniyalari bilan uchrashuv o’tkazildi

16-iyun kuni CAEx Uzbekistan ko‘rgazmalar markazida Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston va AQSH vakillari ishtirokida iqtisodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning ma’lum qilishicha, forumda AQSHning 193 ta kompaniyasi delegatlari ishtirok etmoqda.

Mazkur ko‘rsatkich ikki davlat iqtisodiy hamkorligi tarixidagi eng yuqori natija hisoblanadi. Vazirning ta’kidlashicha, bu xorijiy tadbirkorlarning O‘zbekistonni uzoq muddatli investitsiyalar uchun ishonchli hamkor sifatida ko‘rayotganidan dalolat beradi.

Panel muhokamalari davomida AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) rahbari Ben Blek Markaziy Osiyoning yuqori iqtisodiy salohiyatini ta’kidladi.

Markaziy Osiyo 100 mlndan ortiq aholiga ega jadal rivojlanayotgan mintaqadir. Biz mintaqaning ulkan salohiyatini ko‘ryapmiz va u bilan hamkorlikni yanada faollashtirishga tayyormiz. Bugun AQSH yanada chuqur va uzoq muddatli hamkorlikka tayyor, — dedi u.

AQSH Eksport-import banki (EXIM) rahbari Jon Yovanovich esa ularning moliyaviy instituti ishtiroki O‘zbekiston xususiy sektoriga ilg‘or texnologiyalar, xizmatlar va uskunalarni faolroq joriy etishga yordam berishini qayd etdi.

Uchrashuvda foydali qazilmalarni qazib olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Texnologiyalar, moliya, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi va aviatsiya sohalaridagi xalqaro kompaniyalar vakillari O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish istiqbollari, zamonaviy yechimlarni joriy etish va sanoatni rivojlantirish yo‘nalishlarini muhokama qildi.

FLSmidth korporatsiyasining katta vitse-prezidenti Piter Flanagan tog‘-kon sanoatini mamlakat taraqqiyoti uchun eng muhim yo‘nalishlardan biri deb atadi. U muvaffaqiyatli sanoatlashtirish misoli sifatida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mis boyitishning uchinchi majmuasi ishga tushirilganini keltirib, bu xalqaro investorlarning qiziqishini oshirayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvlar yakunida tomonlar yangi kelishuvlarga erishdi. Imzolangan hujjatlar sanoat, neft-gaz, moliya, aviatsiya, geologiya-qidiruv, sun’iy yo‘ldosh aloqasi va raqamli infratuzilmani rivojlantirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oldi.

Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev ham AQShning yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda AQSh Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich, Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek, AQSh – Oʻzbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm hamda “Air Products”, “Cove Capital”, “Templeton Global Investments”, “Boeing”, “77 Construction”, “BlackRock”, “FLS”, “Visa”, “JP Morgan”, “Meta”, “GULF” korporatsiyalari rahbarlari va yana bir qator kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Prezident matbuot xizmati xabar berishicha, muhim minerallarni oʻzlashtirish va qayta ishlash, energetika, metallurgiya, moliya, sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar va boshqa koʻplab sohalarda aniq loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

AQShning yirik kompaniyalari rahbarlari investorlar samarali faoliyat yuritishiga yaratilgan qulay sharoitlar uchun Oʻzbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirib, oʻzlarining aniq taklif va rejalarini bayon etdilar.

Davra suhbati yakunida AQShning yetakchi kompaniyalari bilan ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi, deyiladi xabarda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda dollar kursi yana ko‘tarildi
/
O‘zbekistonda dollar kursi yana ko‘tarildi
Qozog‘istonda $10 mlrdlik AI-klaster barpo etiladi
/
Qozog‘istonda $10 mlrdlik AI-klaster barpo etiladi
O‘zbekiston Albaniya porti orqali Janubiy Yevropaga eksportni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda
/
O‘zbekiston Albaniya porti orqali Janubiy Yevropaga eksportni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda