O‘zbekistonda 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlar cheklanishi mumkin

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini qonun bilan tartibga soluvchi hujjatni ishlab chiqmoqda

O‘zbekistonda 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlar cheklanishi mumkin

O‘zbekistonda 16 yoshga to‘lmagan shaxslarning ijtimoiy tarmoqlar va boshqa raqamli platformalardan foydalanishini qonunchilik darajasida cheklash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz.

Mazkur tashabbus dunyoda voyaga yetmaganlarning internet va smartfonlardan foydalanishini tartibga solishga qaratilgan choralar kengayib borayotgani fonida muhokama qilinmoqda. Shunga o‘xshash tashabbuslar Qozog‘iston va boshqa qator davlatlarda ham ko‘rib chiqilmoqda.

Vazirning aytishicha, mazkur masala deputatlar va senatorlar ishtirokida dastlabki bosqichda muhokama qilingan. Hozirda tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqilmoqda va u keyinchalik jamoatchilik muhokamasiga taqdim etiladi. Vazirlik bunday tartibni joriy etishni dolzarb masala deb hisoblamoqda.

Shu bilan birga, idorada zamonaviy texnologiyalar sharoitida maktab o‘quvchilarining mobil telefonlardan foydalanishini to‘liq taqiqlashning imkoni yo‘qligi ta’kidlandi. Asosiy e’tibor bolalarda raqamli axborotdan foydalanish madaniyatini shakllantirish va belgilangan me’yorlarga rioya etishga qaratiladi.

Hozirgi vaqtda ayrim ta’lim muassasalarida dars boshlanishidan oldin mobil qurilmalarni topshirish talabi mavjud bo‘lsa-da, bu tartib barcha maktablarda bir xil darajada bajarilmayapti. Shu sababli ushbu yo‘nalishda nazoratni kuchaytirish va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga oid cheklovlarni qonunchilikda mustahkamlash rejalashtirilmoqda.

Boshqa davlatlarda qanday tartib joriy etilgan?

2024-yilda Avstraliya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni to‘liq taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qaror o‘smirlarni kiberbulling va zararli kontentdan himoya qilish maqsadida qabul qilingan. Qonun talablarini buzgan texnologik kompaniyalarga $34,4 mln gacha jarima qo‘llanishi mumkin.

Fransiyada esa 2023-yildan buyon 15 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ota-onalarning roziligi talab etiladi. Mamlakatda, shuningdek, o‘rta maktablarda smartfonlardan foydalanish ham taqiqlangan.

AQShning Florida shtatida 2024-yilda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi qonun qabul qilingan. Hujjatga ko‘ra, texnologik kompaniyalar 14 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarning akkauntlarini, ota-onasining roziligi mavjud bo‘lsa ham, o‘chirishi shart.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Fransiyaga qisqa muddatli viza olish tartibi o‘zgaradi
/
Fransiyaga qisqa muddatli viza olish tartibi o‘zgaradi
Coca-Cola Uzbekistan $25 mlnlik soliq talabi yuzasidan sudga murojaat qildi
/
Coca-Cola Uzbekistan $25 mlnlik soliq talabi yuzasidan sudga murojaat qildi
XVJ O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi sekinlashishini prognoz qildi
/
XVJ O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi sekinlashishini prognoz qildi