O‘zbekiston 157 mln yevroga o‘nta Škoda elektropoyezdini xarid qiladi

Poyezdlar xaridi uchun YIBning 24 yil muddatga 123,5 mln yevro miqdoridagi krediti jalb etiladi

O‘zbekiston 157 mln yevroga o‘nta Škoda elektropoyezdini xarid qiladi

O‘zbekiston shahar atrofi yo‘lovchi tashuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida Chexiyaning “Škoda Transportation” kompaniyasining o‘nta zamonaviy “ŠKODA 25Ev” elektropoyezdini xarid qilishni rejalashtirmoqda. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tomonidan ma’qullangan loyiha konsepsiyasiga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati 157 mln yevroni tashkil etadi.

Moliyalashtirishning asosiy qismi — 123,5 mln yevro — Chexiya eksport-kredit agentligi (EGAP) hamrohligida Yevropa investitsiya bankining yigirma to‘rt yil muddatli krediti ko‘rinishida jalb etiladi. Yana qariyb 14 mln yevro o‘z mablag‘lari hisobidan qoplansa, 19,4 mln yevro O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi (jumladan, QQS va bojxona to‘lovlaridan ozod etish shaklida).

Ushbu elektropoyezdlar 1983–1987-yillarda ishlab chiqarilgan va eskirgan ER9E seriyasidagi o‘nta poyezd tarkibi o‘rnini egallaydi. Ularni to‘liq kapital ta’mirlash 135 mlrd so‘mga tushishi va xizmat muddatini bor-yo‘g‘i to‘rt yilga uzaytirishi mumkin edi. Yangi to‘rt vagonli poyezdlar 432 ta o‘rindiqqa ega (eski tarkiblarda 240 ta bo‘lgan), soatiga 160 km tezlikka erisha oladi hamda iqlim nazorati tizimi (konditsioner), Wi-Fi, videokuzatuv va harakati cheklangan yo‘lovchilar uchun maxsus o‘rindiqlar bilan jihozlangan.

Poyezdlar yettita yo‘nalishga taqsimlanadi:

  • Toshkent — Chirchiq — Chinorkent;
  • Toshkent — Yangiyo‘l — Bekobod;
  • Toshkent — Nurafshon — Ohangaron — Angren;
  • Toshkent — Keles;
  • Qo‘qon — Namangan — Andijon — Marg‘ilon halqa yo‘nalishi;
  • Samarqand — Buxoro;
  • Samarqand — Qarshi — Shahrisabz.

Mazkur yo‘nalishlarda kutilayotgan umumiy yo‘lovchi oqimi sutkasiga 32 mingdan 40 ming nafargachani tashkil etadi.

Chipta narxi masofaga qarab 10 mingdan 30 ming so‘mgacha bo‘ladi. Tarif amaldagi ekspluatatsiya xarajatlarini qoplamagani sababli, farq davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi: bazaviy ssenariy bo‘yicha loyihani amalga oshirish davrida operatsion subsidiyalarga bo‘lgan hisoblangan ehtiyoj 557,8 mln yevroni, budjetdan ajratiladigan kapital subsidiya esa yana 69 mln yevroni tashkil qiladi.

Loyiha mualliflarining hisob-kitoblariga ko‘ra, davlat ko‘magi hisobga olinganda loyihaning o‘zini oqlash muddati 10 yildan oshadi, 2030-yilga borib esa yo‘lovchi tashish hajmi 2025-yildagi 10,5 mlnga nisbatan yiliga 23,5 mln nafargacha o‘sishi kutilmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Urbanizatsiya qo‘mitasi 35 ta hududdagi ko‘chmas mulk bozorida narxlarini o‘rgandi
/
Urbanizatsiya qo‘mitasi 35 ta hududdagi ko‘chmas mulk bozorida narxlarini o‘rgandi
Saida Mirziyoyeva Shayxontohurda yangi istirohat bog‘i hududini ko‘zdan kechirdi
/
Saida Mirziyoyeva Shayxontohurda yangi istirohat bog‘i hududini ko‘zdan kechirdi
Davaktiv UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain bo‘yicha tenderlar tez orada boshlashini ma’lum qildi
/
Davaktiv UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain bo‘yicha tenderlar tez orada boshlashini ma’lum qildi