1-martdan “og‘ir” hududlarda oilaviy biznes kreditlari stavkasi 12%gacha tushiriladi

Garovsiz kreditlar miqdori oshiriladi, xususan, o‘zini o‘zi band qilganlar 50 mln so‘mgacha mablag‘ olishi mumkin

1-martdan “og‘ir” hududlarda oilaviy biznes kreditlari stavkasi 12%gacha tushiriladi

Avval xabar qilinganidek, prezidentning PQ–49-son qarori bilan aholi daromadlarini oshirish, barqaror ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan yangi choralar tasdiqlandi. Hujjat oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida mahalla darajasidagi biznes loyihalarini kengroq moliyalashtirishni nazarda tutadi.

Yangi tartibga ko‘ra, kreditlar bo‘yicha maksimal summalar oshiriladi hamda tovar va xizmatlarni oldindan yetkazib berish talabi bekor qilinadi. Mahallalarda tadbirkorlik boshlamoqchi bo‘lgan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar endi 50 mln so‘mgacha girovsiz kredit olishi mumkin.

Chegara hududlari va eksklavlardagi 563 ta mahallada turizm hamda servis yo‘nalishida ishlayotgan tadbirkorlarga faoliyatni kengaytirish uchun 1 mlrd so‘mgacha kredit ajratiladi. Bunda har 200 mln so‘m kredit evaziga kamida bitta ish o‘rni yaratish talabi qo‘yiladi.

Turistik salohiyati yuqori mahallalarda mehmon uylari tashkil etish hamda mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash majmualari uchun 150 mln so‘mgacha, naslli chorva va tuya boqish uchun esa 100 mln so‘mgacha kredit beriladi.

2026-yil 1-martdan boshlab 37 ta “og‘ir” hududda oilaviy tadbirkorlik kreditlari bo‘yicha yillik stavka 12% etib belgilanadi. Mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish loyihalarida foiz xarajatlarining bir qismi qoplanadi: qishloq xo‘jaligi loyihalari uchun 4%, qo‘shimcha qiymat yaratishga qaratilgan qayta ishlash loyihalari uchun 6%.

Shuningdek, “usta dehqonlar” yuqori daromadli mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtirilgan har 10 ta xonadon uchun 2 mln so‘m subsidiya oladi. Agar mahalladagi xonadonlarning 30% ixtisoslashtirilsa, qo‘shimcha 75 mln so‘m ajratiladi.

Suv ta’minoti qiyin hududlarda quduq burg‘ilash va kamida 10 kVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatish xarajatlarining 70%gacha qismi qoplanadi, maksimal miqdor — 200 mln so‘m. Bundan tashqari, tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun har sotixga 160 ming so‘mgacha subsidiya, mevali ko‘chatlar va tayanch ustunlari xarajatlarining 50%i ham kompensatsiya qilinadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Samarqand 2030-yilgacha zamonaviy “yashil shahar”ga aylantiriladi
/
Samarqand 2030-yilgacha zamonaviy “yashil shahar”ga aylantiriladi
Oʻzbekiston va Gruziya $1 mlrddan ortiq investitsiya va savdo bitimlarini imzoladi
/
Oʻzbekiston va Gruziya $1 mlrddan ortiq investitsiya va savdo bitimlarini imzoladi
O‘zbekistonning Xitoyga gaz eksporti qariyb $140 mlnga yetdi
/
O‘zbekistonning Xitoyga gaz eksporti qariyb $140 mlnga yetdi