Xalqaro tanlovlarda g‘olib bo‘lgan yosh san’atkorlar pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi
Pul miqdorlari 10 mln so‘mdan 30 mln so‘mgacha etib belgilangan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda Farrukh Zakirov ijodini keng targ‘ib qilish va yosh avlodga yetkazishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi 7-son bolalar musiqa va san’at maktabiga Farrux Zokirov nomi beriladi. Ushbu maktab negizida bir qator yangi ijodiy loyihalar amalga oshiriladi.
Xususan, maktabda “Yalla” nomidagi bolalar ansambli tashkil etiladi, yoshlar ijodiy laboratoriyasi yo‘lga qo‘yiladi hamda “ustoz-shogird” an’analari asosida estrada yo‘nalishida mahorat maktablari ochiladi. Ushbu mahorat maktablari ustozlari davlat budjeti hisobidan har oy rag‘batlantirib boriladi.
2026–2027-o‘quv yilidan boshlab respublikaning barcha hududlaridan iqtidorli o‘quvchilar tanlab olinib, yozgi to‘garaklar va bepul estrada kurslarida tahsil oladi. Shu bilan birga, zamonaviy ovoz yozish va video studiya tashkil etilib, sahna jihozlari bilan ta’minlanadi.
O‘quvchilarning ijodiy ishlari televideniye va xalqaro onlayn platformalarda namoyish etiladi. Shuningdek, xalqaro tanlovlarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar va ularning ustozlari uchun 10 mln so‘mdan 30 mln so‘mgacha bir martalik pul mukofotlari joriy etiladi. Xususan:
- “Gran-pri” va 1-o‘rin sohibi 30 mln so‘m, o‘qituvchi (konsertmeyster) 20 mln so‘m miqdorida;
- 2-o‘rin sohibi 20 mln so‘m, o‘qituvchi (konsertmeyster) 10 mln so‘m miqdorida;
- 3-o‘rin sohibi 10 mln so‘m, o‘qituvchi (konsertmeyster) 5 mln so‘m miqdorida.
Bundan tashqari, iqtidorli o‘quvchilar uchun ixtisoslashtirilgan san’at maktablari va maktab-internatlarga qo‘shimcha kvota asosida imtihonsiz qabul qilish tartibi joriy etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ