O‘zbekistonda yetti oyda $71,2 mlrdlik valyuta oldi-sotdisi amalga oshirildi
Yanvar–iyul oylarida banklar orqali xorijiy valyutaga talab ham, taklif ham oshib, milliy valyuta esa 0,4% ga mustahkamlandi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistondagi banklarda jami $71,2 mlrd qiymatidagi xorijiy valyuta oldi-sotdi operatsiyalari amalga oshirildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich so‘nggi uch yilning yanvar–iyul davrlari orasida eng yuqori natija bo‘lgan. Shu davrda valyuta taklifi talabga nisbatan tezroq o‘sgan.
Valyutaga talab $38,2 mlrdni tashkil etdi
Hisobot davrida aholi va korxonalar banklardan $38,2 mlrd miqdorida xorijiy valyuta sotib oldi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan $5,7 mlrd yoki 17,7% ga ko‘p.
Shundan $30 mlrd yuridik shaxslar, $8,2 mlrd esa jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Taqqoslash uchun, 2024-yilning yanvar–iyul oylarida korxonalar $21 mlrd, aholi $5,4 mlrdlik valyuta xarid qilgan. 2025-yilda esa bu ko‘rsatkichlar mos ravishda $26 mlrd va $6,5 mlrdni tashkil etgan.
Banklarga $33 mlrdlik valyuta sotildi
Yanvar–iyul oylarida aholi va korxonalar banklarga $33 mlrd qiymatidagi xorijiy valyutani sotgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $7,2 mlrd yoki 28% ga ko‘p.
Jumladan, aholining banklarga sotgan valyutasi $14,6 mlrd, korxonalarniki esa $18,4 mlrd bo‘lgan.
Shunday qilib, hisobot davrida valyuta taklifi talabdan tezroq o‘sgan bo‘lsa-da, umumiy hajm bo‘yicha taklif hali ham talabdan past bo‘lgan.
So‘m 0,4% ga mustahkamlandi
Yetti oy davomida AQSH dollari kursi 11 910–12 320 so‘m oralig‘ida shakllandi.
Markaziy bank tahliliga ko‘ra, hisobot davri yakunida milliy valyuta AQSH dollariga nisbatan qariyb 0,4% ga mustahkamlangan.
Yanvar–iyul oylarida valyuta kursining o‘rtacha tebranishi 32 so‘m yoki 0,27% ni tashkil etdi. 2025-yilning mos davrida esa bu ko‘rsatkich 28,2 so‘m yoki 0,22% bo‘lgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ