Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona reyestri yuritiladi

Reyestr tadbirkorlar uchun majburiy talablarni yagona tizimda jamlaydi va unda ko‘rsatilmagan talablarni bajarilmaganlik uchun javobgarlik yo‘q

Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona reyestri yuritiladi

17-avgust kuni tadbirkorlik faoliyatiga oid ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Tegishli qonun bilan tadbirkorlar zimmasidagi majburiy talablarni yagona reyestrda jamlash tartibi belgilandi.

“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, tadbirkorlar qonunchilikda belgilangan tartibda energiya manbalariga ulanish va ulardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, tadbirkorlarga yangi majburiyat, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqa cheklovlar yuklashni nazarda tutuvchi normativ hujjat loyihalari tadbirkorlar va ularning birlashmalari ishtirokida muhokama qilinishi kerak.

Qonunga ko‘ra, tadbirkorlik subyekti faoliyati uning arizasiga asosan, nazorat qiluvchi organlar tomonidan 10 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga, sud tomonidan esa 10 ish kunidan ortiq, biroq 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turilishi mumkin.

Majburiy talablar reyestri tashkil etiladi

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun normativ-huquqiy va normativ-texnik hujjatlarda belgilangan barcha majburiy talablar Majburiy talablar reyestriga kiritiladi.

Reyestrga ma’lumotlarni tegishli sohadagi vakolatli davlat organlari va tashkilotlari kiritadi. Adliya vazirligi esa reyestr operatori hisoblanadi.

Tadbirkorlar reyestrga kiritilmagan talablarni bajarmaganlik uchun javobgarlikka tortilmaydi.

Ijtimoiy tadbirkorlik davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi

Qonun bilan tadbirkorlik subyektlarining ijtimoiy va ekologik muammolarni hal etish yoki ularning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan faoliyati ijtimoiy tadbirkorlik deb e’tirof etiladi.

Bunday faoliyat davlat tomonidan imtiyoz va preferensiyalar berish, ijtimoiy loyihalar xarajatlarini subsidiyalash, davlat ijtimoiy buyurtmasini joylashtirish, moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish, xodimlarni tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, maslahat va axborot yordami ko‘rsatish orqali qo‘llab-quvvatlanadi.

Shuningdek, qonunchilikka rioya qilish bilan birga barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish, inson huquqlari, atrof-muhit va jamoat manfaatlariga salbiy ta’sirning oldini olishga qaratilgan faoliyat mas’uliyatli biznes yuritish deb belgilanadi.

Bunda inson huquqlariga rioya qilish, mehnat va ishlab chiqarish sohasida noqonuniy amaliyotlarga yo‘l qo‘ymaslik, atrof-muhit, xodimlar va aholi salomatligini muhofaza qilish mas’uliyatli biznesning asosiy mezonlari etib belgilangan.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Aksa Elektrik Samarqand elektr tarmoqlariga $1 mlrd investitsiya kiritadi
/
Aksa Elektrik Samarqand elektr tarmoqlariga $1 mlrd investitsiya kiritadi
O‘zbekistonda dollar kursi ikkinchi bor oylik minimumni yangiladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi ikkinchi bor oylik minimumni yangiladi
Xorazmda aeroport va Xivani bog‘laydigan 11 kilometrlik yangi temir yo‘l ishga tushirildi
/
Xorazmda aeroport va Xivani bog‘laydigan 11 kilometrlik yangi temir yo‘l ishga tushirildi