Xorazmda aeroport va Xivani bog‘laydigan 11 kilometrlik yangi temir yo‘l ishga tushirildi
Loyiha doirasida yiliga qariyb 650 ming nafar sayyohni tashish imkoniyati yaratilib, qatnov vaqti 40 daqiqagacha qisqaradi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch xalqaro aeroporti va Xiva temir yo‘l bekatini bog‘laydigan yangi temir yo‘l liniyasi bilan tanishdi.
Qiymati 225 mlrd so‘m bo‘lgan loyiha doirasida uzunligi 11 kilometr bo‘lgan yangi temir yo‘l qurildi. Unda bitta bekat, ko‘prik, avtomobil yo‘llari bilan kesishmalar va 25 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etildi.
Yangi liniya orqali yiliga qariyb 650 ming nafar mahalliy va xorijlik sayyohni tashish imkoniyati yaratiladi. Urganch va Xiva o‘rtasidagi qatnov vaqti esa 80 daqiqadan 40 daqiqagacha qisqaradi. Loyiha doirasida 30 ga yaqin yangi ish o‘rni ham yaratilgan.

Aeroport va temir yo‘lni bevosita bog‘laydigan mazkur loyiha O‘zbekistonda birinchi marta amalga oshirilgani qayd etildi.
Urganch xalqaro aeroporti–Xiva yo‘nalishida Xitoyda ishlab chiqarilgan CR200J elektropoyezdi qatnovi ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Olti vagondan iborat poyezd bir vaqtning o‘zida qariyb 400 nafar yo‘lovchini tashiy oladi va soatiga 160 kilometrgacha tezlikda harakatlanadi.
Poyezdda VIP, biznes va ekonom-klass o‘rinlari, bepul Wi-Fi, qurilmalarni quvvatlash portlari, zamonaviy konditsioner va isitish tizimlari mavjud. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham sharoitlar yaratilgan.
Shuningdek, Urganch aeroporti va Xiva temir yo‘l vokzalini bog‘laydigan yo‘nalishda 10 ta yangi trolleybus qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda. Xitoydan keltirilgan trolleybuslar elektr tarmog‘iga ulanmagan holda 100 kilometrgacha harakatlana oladi.
Har bir trolleybus 87 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, ularda USB va Type-C portlari, kuzatuv kameralari hamda haydovchi holatini nazorat qilish, yo‘l yo‘lagidan chiqib ketishdan ogohlantirish va avtomatik yong‘in o‘chirish kabi xavfsizlik tizimlari mavjud.
Prezident transport turlarini o‘zaro bog‘lash aholi va sayyohlar uchun qulaylik yaratishi, yo‘lda ketadigan vaqtni qisqartirishi va Xorazmning turistik jozibadorligini oshirishini ta’kidladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ