O‘zbekistondagi marketpleyslarning xorijga pul o‘tkazishi soddalashtirilishi mumkin

Vositachilik shartnomalarini tashqi savdo shartnomalarining alohida turi sifatida belgilash taklif qilinmoqda

O‘zbekistondagi marketpleyslarning xorijga pul o‘tkazishi soddalashtirilishi mumkin

Iqtisodiyot va moliya vazirligi elektron tijorat va xalqaro yuk tashish sohalarida tranzit to‘lovlarni huquqiy jihatdan rasmiylashtirish uchun yangi turdagi hujjatlarni joriy etishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda Loyihalar muhokamasi portalida e’lon qilingan hujjatda ma’lum qilindi.

Tashqi savdo operatsiyalarini nazorat qilish qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan vositachilik shartnomalarini joriy etish taklif qilinmoqda. Ushbu chora raqamli platformalarda eksport va import jarayonlarida agentlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi shaxslarning huquqiy maqomini rasman belgilash imkonini beradi.

Taklif etilayotgan normalarga ko‘ra, vositachi — komissiya shartnomasi asosida uchinchi shaxslar uchun faoliyat yurituvchi subyekt hisoblanadi. Bozorning ushbu ishtirokchilari moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish, to‘lovlarni qabul qilish va ularni xorijiy hamkorlarga o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi. Bunday xizmatlarni mahalliy kompaniyalar ham, yakka tartibdagi tadbirkorlar ham ko‘rsatishi mumkin.

Mijozlardan keyinchalik boshqa shaxslarga o‘tkazish uchun kelib tushgan mablag‘lar tranzit mablag‘lar maqomiga ega bo‘ladi va vositachining foydasi sifatida hisobga olinmaydi. Bunda ushbu mablag‘lardan xizmat uchun komissiya haqini darhol ushlab qolishga ruxsat beriladi.

Tijorat banklari bunday mablag‘larni vositachilik shartnomasi asosida o‘tkazishi mumkin bo‘ladi. Bunda ushbu operatsiyalar vositachi uchun import yoki eksport hisoblanmaydi hamda soliqqa tortish obyekti bo‘lmaydi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining tushuntirishicha, o‘zgartirishlar elektron tijorat va xalqaro yuk tashish sohalarida tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish jarayonida yuzaga kelayotgan huquqiy kolliziyani bartaraf etishga qaratilgan.

Hozirgi vaqtda ushbu sohalarda tovarlar va xizmatlarni sotish elektron savdo platformalari, axborot vositachilari, agentlar, komissionerlar va raqamli infratuzilmaning boshqa elementlari orqali amalga oshirilmoqda. Biroq amaldagi qoidalarda bunday vositachilik shartnomalarini to‘liq hisobga olish mexanizmi mavjud emas.

Amaldagi tartib elektron platformalar orqali eksport qilish va invoyslardan foydalanishga ruxsat beradi. Biroq vositachilik shartnomalarini Bojxona qo‘mitasining E-kontrakt tizimida aks ettirish imkoniyati mavjud emas.

Shu sababli vositachilik shartnomalari va ular asosida amalga oshirilgan operatsiyalar haqidagi ma’lumotlarni tizimga kiritishning imkoni yo‘q. Bu esa norezidentlar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirishda ma’muriy to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda.

Xususan, O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan elektron savdo platformalari egalari xorijiy kompaniyalar bilan tovarlarni joylashtirish va sotish bo‘yicha vositachilik shartnomalarini tuzadi. Biroq amaldagi qonunchilik platformaga xorijiy hamkorga tovarlarni sotishdan tushgan mablag‘larni o‘z komissiyasini bir vaqtning o‘zida ushlab qolgan holda o‘tkazish imkonini bermaydi.

Hozirda bunday hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun platforma egalari xizmatlar importi bo‘yicha shartnoma rasmiylashtirishga va xorijiy norezidentga pulni shu shartnoma asosida o‘tkazishga majbur. Bunda marketplace o‘zining komission haqini xorijiy hamkorga barcha mablag‘lar o‘tkazilganidan keyingina oladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi baholashicha, bunday mexanizm xizmatlar importi hajmini sun’iy ravishda oshiradi. Aslida esa gap komissiya miqdoridagi xizmatlar eksporti haqida ketmoqda. Bundan tashqari, bu holat operatsiyalarni soliqqa tortishda ham qiyinchiliklarni yuzaga keltirishi mumkin.

Taklif qilinayotgan o‘zgartirishlar vositachilik shartnomalarini tashqi savdo shartnomalarining mustaqil turi sifatida tan olish, elektron operatsiyalar reyestrlaridan tasdiqlovchi hujjat sifatida foydalanish va norezidentlar bilan hisob-kitoblarni soddalashtirish imkonini beradi.

Loyiha 30-avgustgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“Paynet” GoInvest kompaniyasidagi 33,14% ulushni sotib oldi
/
“Paynet” GoInvest kompaniyasidagi 33,14% ulushni sotib oldi
O‘zbekistonga yarim yilda 2,35 mln dona mobil telefon import qilindi
/
O‘zbekistonga yarim yilda 2,35 mln dona mobil telefon import qilindi
2027-yildan muddatli to‘lov xizmatlari operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
/
2027-yildan muddatli to‘lov xizmatlari operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi