2027-yildan muddatli to‘lov xizmatlari operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
Muddatli to‘lov shartnomalari bo‘yicha barcha qo‘shimcha to‘lovlar yiliga asosiy qarzning 50 foizidan oshmasligi kerak
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yil 14-avgustdagi Prezident qarori bilan aholiga muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish tartibi takomillashtirildi. Unga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmatlari operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi, bank va mikromoliya tashkiloti bo‘lmagan yuridik shaxslar ushbu operatorlar hisoblanadi. Ularning faoliyat yuritish huquqi Markaziy bank tomonidan yuritiladigan maxsus reyestrga kiritilgandan keyin yuzaga keladi.
Banklar va mikromoliya tashkilotlari reyestrga Markaziy bankni xabardor qilish orqali, boshqa yuridik shaxslar esa Markaziy bankda hisobdan o‘tish orqali kiritiladi.
Muddatli to‘lov uchun qanday talablar belgilanadi?
Muddatli to‘lov obyekti — ko‘chmas mulk, shuningdek, qonunchilikka muvofiq muomaladan chiqarilgan yoki muomalasi cheklangan boshqa mol-mulk bo‘lishi mumkin emas.
Operatorlarga moliyaviy iste’mol kreditlari ajratish va jismoniy shaxslardan pul mablag‘larini jalb qilish taqiqlanadi.
Shuningdek, muddatli to‘lov shartnomalari quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- muddatli to‘lov obyekti qiymati BHMning 250 baravaridan oshmasligi;
- operator komissiyasi, ustama va tovar, ish yoki xizmatning yakuniy qiymatiga kiritiladigan boshqa to‘lovlar shartnomada alohida ko‘rsatilishi;
- asosiy qarzdan tashqari barcha to‘lovlar, jumladan, vositachilik haqi, jarima va penya yig‘indisi yiliga asosiy muddatli to‘lov miqdorining 50% idan oshmasligi;
- iste’molchi qarzni istalgan vaqtda to‘liq yoki qisman qo‘shimcha jarima, penya va komissiyalarsiz muddatidan oldin to‘lashi mumkin;
- shartnoma bo‘yicha iste’molchining maksimal majburiyat muddati 12 oydan oshmasligi kerak.
Bundan tashqari, operator muddatli to‘lov shartnomasi bo‘yicha talab qilish huquqini faqat boshqa muddatli to‘lov operatori, mikromoliya tashkiloti yoki bank foydasiga berishi mumkin.
2027-yil 1-yanvardan tovar iste’mol kreditini taqdim etuvchi tashkilotlar qiymati BHMning 3 baravarigacha bo‘lgan tovar iste’mol krediti shartnomalari va ularning ijrosi haqidagi ma’lumotlarni kredit byurolariga taqdim etishi talab etilmaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ