Prezident Xorazmda $176 mlnlik 12 ta loyihani ishga tushirdi

Viloyatda sanoat, energetika, turizm va yoqilg‘i ishlab chiqarish sohalaridagi loyihalar foydalanishga topshirildi

Prezident Xorazmda $176 mlnlik 12 ta loyihani ishga tushirdi

Xorazm viloyatida umumiy qiymati $176 mln bo‘lgan 12 ta yangi loyiha foydalanishga topshirildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

So‘nggi to‘qqiz yil davomida viloyatga $7,5 mlrd investitsiya jalb qilinib, 9,7 mingta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirilgan. Kichik va o‘rta biznes loyihalariga esa 33 trln so‘mdan ortiq kredit ajratilgan.

Bu davrda viloyat aholisining real daromadlari ikki baravar oshgan. Sanoat va qurilish sohalarida band bo‘lganlar ulushi 18% ga, xizmatlar sohasida 55% ga yetgan. Kambag‘allik darajasi 4,4% gacha, ishsizlik esa 4,5% gacha kamaygan.

Viloyatda turizm infratuzilmasi ham kengaymoqda. To‘qqiz yil ichida 280 ta mehmonxona va mehmon uyi qurilib, mehmonxonalardagi o‘rinlar soni to‘rt baravar oshgan. So‘nggi besh yilda xorijiy sayyohlar soni 10 baravar ko‘paygan.

Transport infratuzilmasida ham yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Urganch xalqaro aeroportini Xiva bilan bog‘lovchi elektrlashtirilgan temir yo‘l ishga tushirildi. Shuningdek, Urganch–Xiva pulli avtomobil yo‘li qurilmoqda. Bu O‘zbekistondagi ilk pulli avtomobil yo‘li bo‘lib, ishga tushirilgach, ikki shahar o‘rtasidagi yo‘l vaqti 45 daqiqadan 20 daqiqagacha qisqaradi.

2026-yilda Xorazmga jalb qilinadigan xorijiy investitsiyalar hajmi $2 mlrddan oshishi kutilmoqda. 2016-yilda bu ko‘rsatkich atigi $30 mlnni tashkil etgan.

Shuningdek, viloyatda umumiy qiymati $7,42 mlrd bo‘lgan yana 15 ta yirik loyihani amalga oshirishga start berildi.

Ular orasida To‘proqqal’a tumanida $6 mlrdlik ekologik aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish loyihasi bor. Loyiha BAA hamkorlari va Xitoyning “Sinopec” kompaniyasi ishtirokida amalga oshiriladi. Hozirda yer maydonini tayyorlash va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish boshlangan.

Slovakiya hamkorlari bilan $170 mlnlik bioetanol ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish rejalashtirilgan. Loyiha 5 ming gektar qumli yerlarni o‘zlashtirishni nazarda tutadi.

Urganchda yapon investorlarining $30 mlnlik 250 o‘rinli mehmonxona va savdo-ko‘ngilochar majmua qurish loyihasi amalga oshirilmoqda. Uni 2027-yilda to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni hamkori ishtirokida 183 ta ko‘p qavatli uy va 37 ta ijtimoiy obyektni issiqlik hamda elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan zamonaviy qozonxona quriladi. Turkiyalik hamkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida oftalmologiya klinikasini tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Urganch tumanida koreyalik investorlar $100 mlnlik chiqindilarni yopiq siklda qayta ishlash va 71 MVt quvvatga ega “yashil” energiya ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirmoqda.

Xiva yaqinidagi 26 gektar maydonda $120 mlnlik “Sahro yulduzi” turistik majmuasi tashkil etiladi. Urganch tumanida esa $26 mlnlik mis sanoati klasteri va $60 mlnlik optik tolali kabellar ishlab chiqarish korxonasi paydo bo‘ladi.

Al-Xorazmiy shaharchasida 5 ming talabaga mo‘ljallangan zamonaviy universitet, mehmonxona, rekreatsion va savdo majmualari qurilishi rejalashtirilgan. Urganchda esa “Investorlar uyi” binosi barpo etiladi.

Umuman, yangi loyihalarni amalga oshirish natijasida 6,6 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Prezident xorijiy hamkorlar va loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan jamoatchilik vakillariga minnatdorlik bildirdi. Shundan so‘ng yangi obyektlarni foydalanishga topshirish va istiqbolli korxonalar qurilishini boshlashga ramziy tarzda start berdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda yetti oyda $71,2 mlrdlik valyuta oldi-sotdisi amalga oshirildi
/
O‘zbekistonda yetti oyda $71,2 mlrdlik valyuta oldi-sotdisi amalga oshirildi
Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona reyestri yuritiladi
/
Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona reyestri yuritiladi
Aksa Elektrik Samarqand elektr tarmoqlariga $1 mlrd investitsiya kiritadi
/
Aksa Elektrik Samarqand elektr tarmoqlariga $1 mlrd investitsiya kiritadi