Besh yil ichida biznes uchun kredit portfeli qariyb uch baravar oshib, 450 trln so‘mga yetdi

Shuningdek , bugungacha tadbirkorlar 650 trln so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalangan

Besh yil ichida biznes uchun kredit portfeli qariyb uch baravar oshib, 450 trln so‘mga yetdi

Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda. Anjumanda ilk bor tumanlardagi studiyalar orqali ham 25 mingga yaqin tadbirkor ishtirok etmoqda.

Davlat rahbari yurt iqtisodiy qudratini mustahkamlashga hissa qo‘shayotgan 1,2 mln kishilik biznes hamjamiyatini Tadbirkorlar kuni bilan tabrikladi.

So‘nggi besh yil davomida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar natijasida biznesga to‘sqinlik qilayotgan minglab masalalarga yechim topildi. Bu davrda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilindi.

Besh yil oldin tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish an’anasini boshlagan edik. Nima uchun? Tadbirkorlarimizga sharoit yaratib, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, odamlarimizni uzoqqa bormasdan, mahallasining o‘zida daromadli qilish uchun, — dedi Prezident.

O‘tgan davrda biznes uchun ajratilgan kreditlar portfeli qariyb uch baravar oshib, 450 trln so‘mga yetdi. Tadbirkorlar 650 trln so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi.

Shuningdek, ko‘plab tadbirkorlar xorijiy banklardan o‘z loyihalariga mustaqil ravishda $1 mlrd jalb qildi. Prezident buni biznes vakillari zabt etgan muhim marralardan biri sifatida baholadi.

Bugun tadbirkorlarimiz “biznesni boshlash” bosqichidan “kapitalni ko‘paytirish” bosqichiga o‘tyapti, — dedi davlat rahbari.

Besh yil davomida korxonalarning asosiy kapitalga investitsiyalari uch baravar oshib, 363 trln so‘mga yetdi. Sanoat ishlab chiqarishi hajmi $100 mln dan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga ko‘paydi.

Axborot texnologiyalari, fintech va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarining rivojlanishi hisobiga xizmatlar hajmi 1 trln so‘mdan oshgan tumanlar soni 41 tadan 152 taga yetdi. Xalqaro marketpleyslar bilan ishlayotgan korxonalar soni esa 3,5 mingtaga yetgan.

Biznesini mahallada boshlagan va keyinchalik mamlakat bo‘ylab o‘nlab filiallar ochgan tadbirkorlar soni 550 tadan, o‘z milliy brendini yaratganlar esa 300 tadan oshdi.

So‘nggi yillarda mis, oltin, metall prokat, polietilen, PVX, kaolin va boshqa xomashyolar taklifi kengaytirildi. Bu elektrotexnika, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik va mebelsozlik kabi sohalarda ishlab chiqarishning sezilarli o‘sishiga zamin yaratdi.

Shuningdek, elektromobillar, polimer va maishiy kimyo, “yashil” energetika hamda zargarlik sanoati kabi yangi yo‘nalishlar shakllandi. “BYD”, “ADM Jizzakh” va “Sirdaryo Asaka Motors” kabi zamonaviy avtomobil zavodlari sohaga yangi texnologiya va kompetensiyalarni olib kirdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“Alif” Ineco Group’dan $10 mln jalb qildi
/
“Alif” Ineco Group’dan $10 mln jalb qildi
O‘zbekistonda yetti oyda $71,2 mlrdlik valyuta oldi-sotdisi amalga oshirildi
/
O‘zbekistonda yetti oyda $71,2 mlrdlik valyuta oldi-sotdisi amalga oshirildi
Prezident Xorazmda $176 mlnlik 12 ta loyihani ishga tushirdi
/
Prezident Xorazmda $176 mlnlik 12 ta loyihani ishga tushirdi