O‘zbekistonda yetti oyda inflyatsiya darajasi 4% ni tashkil etdi
Yetti oy mobaynida oziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,6%, nooziq-ovqatlar 3,3%, xizmatlar qiymati 11,7% ga oshgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda 2025-yil yanvar-iyul oylarida inflyatsiya darajasi 4% ni tashkil etdi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi tahlilida keltirilgan.
Mamlakatda tovar va xizmatlar narxlari 2024-yil dekabridan joriy yil iyuligacha 4% ga qimmatlashgan. Yetti oy mobaynida oziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,6%, nooziq-ovqatlar 3,3%, xizmatlar qiymati 11,7% ga oshgan.
Bo‘limlar kesimida inflyatsiya diapazoni 2024-yil dekabriga nisbatan 0,1% dan (“Sug‘urtalash va moliyaviy xizmatlar”) 14,8% gacha (“Uy-joy xizmatlari, elektr energiyasi, gaz va boshqa yoqilg‘i turlari”) chegarasida bo‘ldi, deyiladi manbada.
Taqqoslash uchun, 2023-yil yanvar-iyul oylarida inflyatsiya 3,3%, 2024-yil mos davrida 4,9% bo‘lgan.
Qo‘mita tahliliga qaraganda, iyul oyida O‘zbekistondagi yillik inflyatsiya darajasi 8,9% ni tashkil etgan. Markaziy bank o‘tkazgan so‘rovda esa aholiga sezilgan inflyatsiya 13,3% bo‘lgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ