Yaponiya O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish uchun qariyb $230 mln kredit ajratadi

Mablag'lar 25 yil muddatga, shu jumladan 7 yillik imtiyozli davr bilan beriladi

Yaponiya O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish uchun qariyb $230 mln kredit ajratadi

2026-yil 10-iyun kuni Toshkent shahrida Yaponiya hukumatining iyena krediti doirasida amalga oshiriladigan ikkita yirik loyiha bo‘yicha almashuv notalari imzolandi. Jarayonda Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Xirata Kenii hamda O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovlar ishtirok etgan.

Kelishuvga ko‘ra, “Davlat binolarida energiya samaradorligini oshirish loyihasi” uchun maksimal 21,788 mlrd iyena (taxminan $136,2 mln), “Sanoat sektorida energiya samaradorligini oshirish loyihasi” uchun esa 14,969 mlrd iyena ($93,6 mln) miqdorida mablag‘ ajratiladi. Shunday qilib, ikki loyiha bo‘yicha umumiy moliyalashtirish hajmi 36,757 mlrd iyena ($229,7 mln) ni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda energiya ta’minoti asosan qazilma yoqilg‘ilarga tayanadi. Mamlakatda yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan energiya iste’moli va issiqxona gazlari chiqindilari jahonning o‘rtacha ko‘rsatkichlariga nisbatan yuqori bo‘lib qolmoqda.

Shu munosabat bilan loyihalar davlat binolari, sanoat va tijorat obyektlarida energiya tejamkor uskunalar va zamonaviy texnologiyalarni modernizatsiya qilish hamda joriy etishni qo‘llab-quvvatlash orqali energiya iste’moli va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan.

Tomonlarning ta’kidlashicha, mazkur tashabbuslar O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tishi, energiya xavfsizligini mustahkamlashi va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha sa’y-harakatlariga hissa qo‘shadi.

Loyihalar Yaponiya hukumatining iyena krediti hisobidan amalga oshiriladi. Har ikkala loyiha bo‘yicha asosiy qarz uchun 2,4%, konsalting xizmatlari uchun esa 0,8% stavka belgilangan. Kreditlar 25 yil muddatga, shu jumladan 7 yillik imtiyozli davr bilan ajratiladi. Xarid shartlari imtiyozli va bog‘lanmagan (Untied) shaklda amalga oshiriladi.

Mazkur hamkorlik 2025-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammiti yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Tokio deklaratsiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan biri — “Yashil rivojlanish va barqarorlik” yo‘nalishining amaliy ijrosi sifatida baholanmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda pensiya yoshini erkaklar uchun 63, ayollar uchun 58 yoshgacha oshirish taklif qilindi
/
O‘zbekistonda pensiya yoshini erkaklar uchun 63, ayollar uchun 58 yoshgacha oshirish taklif qilindi
O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan sanoat-texnologik alyans tuzadi
/
O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan sanoat-texnologik alyans tuzadi
WB Taxi’ga shikoyatlardan keyin kamchiliklarni bartaraf etish talab qilindi
/
WB Taxi’ga shikoyatlardan keyin kamchiliklarni bartaraf etish talab qilindi