Yaponiya O‘zbekistondan gaz, neft va minerallar importini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda

Tomonlar fintex markazi ochish va raqamli to‘lov tizimlarini joriy etishni ham muhokama qildi

Yaponiya O‘zbekistondan gaz, neft va minerallar importini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda

Yaponiya O‘zbekistondan energetik resurslar va strategik xomashyoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Yaponiya moliya vaziri Satsuki Katayama ma’lum qildi, deb xabar bermoqda O’zbekiston 24.

Muzokaralar 2026-yil 3-may kuni Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tdi. Unda Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) va xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) rahbarlari ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik ijobiy rivojlanayotgani, savdo hajmi ortib borayotgani va yirik qo‘shma investitsiya loyihalari amalga oshirilayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston tomoni moliya tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Ular qatorida g‘aznachilik operatsiyalarida sun’iy intellektdan foydalanish, moliya sektorini raqamlashtirish hamda malakali kadrlar tayyorlash masalalari bor.

Shuningdek, tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, sog‘liqni saqlash, IT, transport va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida loyihalarni jadallashtirishga kelishib oldi.

Yaponiya tomoni Toshkentda moliyaviy ta’lim markazi tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, uni rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishini bildirdi. Shu bilan birga, xalqaro savdoda raqamli to‘lov vositalari — jumladan, steyblkoinlar va elektron valyutalarni joriy etish masalasi muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, global sharoitda Yaponiya uchun energiya va xomashyo manbalarini diversifikatsiya qilish muhim ahamiyatga ega. Shu bois mamlakat O‘zbekistonning neft, gaz va mineral resurslarini istiqbolli hamkorlik yo‘nalishi sifatida ko‘rib chiqmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkent aeroportidagi avtoturargohlarni ijaraga berish boshlandi
/
Toshkent aeroportidagi avtoturargohlarni ijaraga berish boshlandi
O‘zbekiston GIZ bilan 9 mln yevrolik grant jalb qilish bo‘yicha kelishuv imzoladi
/
O‘zbekiston GIZ bilan 9 mln yevrolik grant jalb qilish bo‘yicha kelishuv imzoladi
O‘zbekistonda rubldan tashqari barcha xorijiy valyutalar qimmatlashdi
/
O‘zbekistonda rubldan tashqari barcha xorijiy valyutalar qimmatlashdi