Yangi Toshkentda $2,5 mlrdlik 10 ta yangi loyiha qurilishi boshlanadi
Shuningdek, hududni poytaxt bilan bog‘lash uchun yo‘l o‘tkazgich hamda 10 kilometr avtomobil yo‘li quriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda qurilgan obyektlarni ishga tushirish va yangi loyihalar qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi Toshkentning birinchi bosqichida umumiy qiymati $50 mlrd bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shaharda 2 ming gektar yashil maydon va 500 gektar istirohat bog‘lari tashkil etiladi. Shuningdek, “yashil qurilish” standartlari asosida 150 mln kvadrat metr turar va noturar joy qurilishi rejalashtirilgan.
$1 mlrdlik yettita obyekt foydalanishga topshirildi
O‘tgan davrda Yangi Toshkentda $2 mlrdlik ishlar bajarilgan. Xususan, turar joylar, universitetlar, kutubxona va amfiteatr qurilgan.
Marosimda umumiy qiymati $1 mlrd bo‘lgan yettita obyekt foydalanishga topshirildi. Ular quyidagilar:
- “Sharq bahori” turar joy majmuasining birinchi bosqichi;
- yo‘l va infratuzilma obyektlari;
- “Yangi Toshkent” 1-son nimstansiyasi;
- trigeneratsiya stansiyasi;
- Savdo-sanoat palatasi binosi;
- “Sohil bog‘i” istirohat bog‘i;
- 2 ming o‘rinli umumta’lim maktabi.
Turkiyaning MIMSAN kompaniyasi ishtirokida $73 mln investitsiya hisobiga qurilgan trigeneratsiya stansiyasi 100 ming xonadonni markazlashgan tarzda isitish va sovitish, shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.
Xitoyning Haocheng Industry Group Limited kompaniyasi bilan amalga oshirilgan nimstansiya va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari loyihasining qiymati $95 mlnni tashkil etadi.
Shuningdek, hududda 18 kilometr avtomobil yo‘li qurilib, 13 kilometr kanalizatsiya va 4,5 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortildi. Qirg‘oq bo‘ylab 10 kilometrga cho‘zilgan “Sohil bog‘i”da piyodalar va velosiped yo‘laklari tashkil etildi. “Sharq bahori” majmuasining birinchi bosqichida qariyb 7 mingta xonadon qurildi.
Yana $2,5 mlrdlik 10 ta loyiha boshlanadi
Marosimda Xitoy, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa xorijiy hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati $2,5 mlrd bo‘lgan yana 10 ta yirik loyiha qurilishiga start berildi.
Ular orasida yuqori texnologik mahsulotlar va yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Deep Tech park sanoat hududi bor. Uni qurishga $320 mln yo‘naltiriladi. Kelgusida ushbu hududda umumiy qiymati $1,7 mlrd bo‘lgan loyihalarni joylashtirish rejalashtirilgan.
Finlyandiyaning MariMatic kompaniyasi ishtirokida chiqindilarni to‘plash va ulardan “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi ham amalga oshiriladi. Bundan tashqari, ko‘p kvartirali uylar tomiga umumiy quvvati 20 megavatt bo‘lgan fotoelektr tizimlari o‘rnatiladi.
Yangi Toshkent poytaxt bilan bog‘lanadi
Yangi Toshkentni poytaxt bilan bog‘lash uchun Temur Malik ko‘chasi va 4R12 avtomobil yo‘li o‘rtasida ko‘prik, yo‘l o‘tkazgich hamda 10 kilometr avtomobil yo‘li quriladi. Metro bekatlari bilan tutashgan yerosti avtoturargohini barpo etish ham rejalashtirilgan.
Yana bir yirik loyiha — umumiy maydoni 818 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan “Metropolis” biznes-siti. Bu yerda ofislar, mehmonxona, turar joylar va xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashadi. Maydonning 500 ming kvadrat metri biznes uchun mo‘ljallangan. Loyiha doirasida 1,5 ming kishining bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Silk City, “Mavj” va “Marjon” turar joy majmualari hamda 120 o‘rinli Yangi Toshkent markaziy shifoxonasi quriladi.
Prezident ushbu loyihalar Yangi Toshkentning biznes, turizm va madaniyat markazi sifatida shakllanishiga xizmat qilishini ta’kidladi. Shuningdek, shahar qurilishida qatnashayotgan quruvchilar, muhandislar, loyihachilar va xorijiy hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ