Yangi Toshkentda 13 ta tijoriy lotlar bo‘yicha $554 mlnlik shartnomalar tuzildi
Hududga 60 dan ortiq davlat idoralari uchun ma’muriy binolar barpo etiladi, hozirda o‘ndan ortiq vazirlik va idoralar faoliyat boshlagan
Davlat rahbari 20-avgust kuni Yangi Toshkentdagi bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Bu shahar qurilishi 2023-yilda boshlanib, Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19,7 ming gektar yer ajratilgan. Loyihaning konsepsiyasi Buyuk Britaniyaning “Cross-works” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda inshootlar qurilib, 600 ming aholi uchun zamonaviy sharoitlar yaratiladi. Loyiha to‘liq yakunlanganida 2 mln nafar odam yashaydigan aylanadi. Hozirda shaharning “tagi” – yerosti muhandislik tarmoqlari qurilmoqda.
Xususan, bir va ikki seksiyali kollektorlar yotqizilib, ular orqali markazlashgan issiqlik va suv quvurlari, elektr energiyasi, telekommunikatsiya kabi barcha muhandislik tarmoqlari yer ostidan o‘tkaziladi. Shuningdek, transportlarning erkin qatnovi uchun tunnellar va yerosti turargohlari barpo etiladi.
Shaharda ekologik toza transport tizimi tashkil etiladi. Metro va elektrobuslar harakati muvofiqlashtiriladi. Piyodalar hamda velosipedchilarning to‘siqsiz va xavfsiz harakatlanishi uchun keng qulaylik yaratiladi.
Hududga 60 dan ortiq davlat idoralari uchun ma’muriy binolar barpo etiladi. Bugungi kunda o‘ndan ortiq vazirlik va idoralar shu yerdagi vaqtincha tashkil etilgan obyektlarda faoliyat boshlagan.
Davlat rahbariga yaqin istiqbolda ko‘zda tutilgan loyihalar haqida axborot berildi. Bugungi kunda auksionda sotilgan 13 ta tijoriy lotlar bo‘yicha $554 mlnlik investitsiya shartnomalari tuzilgan.
Hududdagi qurilish jarayonida 160 ming nafar aholining bandligi ta’minlanadi. Kelajakda esa shaharda innovatsion texnologiyaga asoslangan, yuqori daromadli yuz minglab doimiy ish o‘rni bo‘ladi. Buning uchun yangi ta’lim va tibbiyot klasterlari, axborot texnologiyalari xizmatlari va texnoparklar tashkil etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ