Yangi Toshkent xususiy investorlar uchun jozibador qilinadi
Mirziyoyeva shaharning infratuzilmasini rivojlantirish, yashil hududlarni kengaytirish va kinoindustriyani modernizatsiya qilish rejalarini ma’lum qildi
Toshkentda, ayniqsa issiq iqlim sharoitida, yashil hududlarni ko‘paytirish zarur. Daraxtlar, suv va soya shaharliklarning hayot sifatiga bevosita ta’sir qiladi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Telegram kanalida ma’lum qildi.
Shayxontohurda park barpo etiladi
Saida Mirziyoyeva Shayxontohur tumanida barpo etiladigan bo‘lajak park hududini ko‘zdan kechirdi. Bu yerda ko‘l, yashil hududlar, sayr qilish, sport bilan shug‘ullanish va bolalar bilan dam olish uchun joylar tashkil etiladi.
Uning ta’kidlashicha, poytaxtning barcha tumanlarida shunday hududlar tashkil etilishi kerak. Toshkentda yangi bog‘larni barpo etish, mavjud yashil hududlarni saqlash va ekologik toza massivlarni kengaytirishga ko‘proq e’tibor qaratiladi.
Bu Toshkentni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biri va bu ishlarni davom ettiramiz, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Yangi Toshkentga investitsiyalar jalb qilinadi
Saida Mirziyoyeva Yangi Toshkent hududiga ham tashrif buyurib, zamonaviy bino va inshootlar qurilishi bilan tanishdi.
Uning qayd etishicha, shahar konsepsiyasi Britaniyaning Cross Works arxitektura kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Bu esa kelgusi o‘n yilliklarga mo‘ljallangan shaharsozlik uchun asos yaratgan.
Asos bor, ammo shahar ertaga qanday bo‘lishi endi o‘zimizga bog‘liq, — dedi u.
Saida Mirziyoyeva tadbirkorlarni Yangi Toshkentga investitsiya kiritish va bu hududda biznes ochishga chaqirdi.
“O‘zbekfilm” milliy brendga aylantiriladi
Saida Mirziyoyeva “O‘zbekfilm” kinostudiyasiga tashrif buyurib, uning faoliyati va hozirgi holati bilan tanishdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy vazifa “O‘zbekfilm”ni milliy brend va zamonaviy kinoindustriyaning tayanch markaziga aylantirishdan iborat.
Buning uchun sohani boshqarish tizimi o‘zgartiriladi. Davlat buyurtmachi emas, balki kinoindustriya rivoji va moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishi uchun sharoit yaratadigan strategik hamkor sifatida faoliyat yuritadi. Xususiy kinostudiyalar, mustaqil prodyuserlar va ijodkorlar esa sohaning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi rejalashtirilmoqda.
Kino ishlab chiqarishdan tortib tomoshabinga yetkazishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar, jumladan moliyalashtirish, distribyutsiya, prokat, festivallarda ishtirok etish va eksport tizimini xalqaro standartlarga muvofiq modernizatsiya qilish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, milliy kino merosini saqlash, restavratsiya qilish va raqamlashtirish tizimini kuchaytirish hamda soha uchun mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan.
Tashrif yakunida Saida Mirziyoyeva Abu Ali ibn Sinoning bolaligi haqida hikoya qiluvchi tarixiy film suratga olinayotgan maydonda ham bo‘ldi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ