Urbanizatsiya qo‘mitasi 35 ta hududdagi ko‘chmas mulk bozorida narxlarini o‘rgandi
1-sentyabr holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha eng yuqori narxdagi uylar Toshkent shahrida joylashgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Urbanizatsiya qo‘mitasi ilk bor O‘zbekistonning 35 ta shahar va tumanidagi “dom” va hovlilar o‘rtacha bozor narxlarini o‘rgandi. Tahlil elektron savdo platformalarida eʼlon qilingan ko‘chmas mulk qiymatlari asosida amalga oshirilgan.
Toshkent peshqadam
2026-yil 1-sentyabr holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha eng yuqori narxdagi uylar Toshkent shahrida joylashgan. Ko‘pqavatli kvartiraning yuqori qiymati Shayxontohur tumanida bo‘lib, 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha 25,3 mln so‘m to‘lash kerak. Keyingi o‘rinlarni Mirobod (23,2 mln so‘m), Yakkasaroy (20,5 mln so‘m) va Mirzo Ulug‘bek (19,6 mln so‘m) tumanlari egallagan.
Hovlilarning eng qimmati Mirzo Ulug‘bek tumanida sotilmoqda 1 sotix joy o‘rtacha 1,7 mlrd so‘m. Shu bilan birga, Yakkasaroy (1,64 mlrd so‘m) va Yunusobod (1,44 mlrd so‘m) tumanlarida narxlar nisbatan baland shakllangan.
| Shahar/tuman | Ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlar, mln so‘m/m² | Yakka tartibdagi turar joylar, mln so‘m/sotix | Noturar obyektlar, mln so‘m/m² |
|---|---|---|---|
| Olmazor | 14,2 | 766,2 | 12,7 |
| Bektemir | 11,5 | 394,0 | 8,3 |
| Mirobod | 23,2 | 1 081,4 | 23,0 |
| Mirzo Ulug‘bek | 19,6 | 1 719,9 | 24,4 |
| Sergeli | 11,5 | 494,7 | 9,9 |
| Uchtepa | 13,7 | 698,8 | 13,7 |
| Chilonzor | 16,7 | 830,4 | 14,0 |
| Shayxontohur | 25,3 | 950,6 | 18,6 |
| Yunusobod | 17,0 | 1 444,0 | 19,8 |
| Yakkasaroy | 20,5 | 1 643,6 | 21,9 |
| Yashnobod | 14,2 | 574,9 | 16,0 |
| Yangihayot | 11,0 | 404,7 | 9,8 |
O‘rta Zarafshon va Qashqadaryodagi yuqori narxlar
Samarqand shahridagi 1 kvadrat metr ko‘pqavatli uy qiymati o‘rtacha 11,8 mln so‘mni tashkil etgan. Hovlilar sotixi esa 472,1 mln so‘mdan sotilmoqda.
Navoiyda kvartiralar kvadrat metri 7,5 mln so‘m, hovlilar sotixi 244,9 mln so‘m.
Qashqadaryo viloyatidagi eng qimmat ko‘pqavatli kvartiralar Shahrisabz hududida — 1 kvadrat metri 7,6 mln so‘m. Hovlilari bo‘yicha Qarshidagi narxlar yuqori — sotixi 189,3 mln so‘m.
Nukus, Farg‘ona va Ohangaron
Angren va Olmaliqda kvartiralar kvadrat metri 7,1 mln so‘mdan, Ohangaronda esa 6,6 mln so‘m. Hovlilarning nisbatan yuqori qiymati ham Olmaliqda bo‘lib, o‘rtacha sotixi 129,7 mln so‘mdan sotiladi.
Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahridagi “dom”lar kvadrat metrini 5,6 mln so‘mdan, hovlilar sotixini 123,5 mln so‘mdan xarid qilish mumkin. Nukusda esa kvartiralar 5,6 mln so‘m, hovlilar 98,3 mln so‘m.
Surxondaryo, Xorazm va Quyi Zarafshon
Mintaqadagi eng yuqori narxlar Buxoro shahrida qayd etilgan. Hududda 1 kvadrat metr “dom” 8,4 mln so‘m, hovli sotixi esa o‘rtacha 388,6 mln so‘mdan to‘g‘ri keladi. Termizda uylar kvadrat metri 7,6 mln so‘m, sotixi 273,7 mln so‘mdan. Urganchda esa 1 kvadrat metr kvartira 6,9 mln so‘m bo‘lsa, hovli sotixi o‘rtacha 318,5 mln so‘mni tashkil etmoqda.
Qo‘qon, Chirchiq va Yangiyo‘l
Mazkur hududlar orasida Chirchiqdagi kvartiralar narxi eng yuqori bo‘lmoqda — 9 mln so‘m. Hovli qiymati jihatdan esa Qo‘qon oldinda —198,6 mln so‘m.
Yangiyo‘lda uylar kvadrat metri o‘rtacha 8,2 mln so‘mdan, sotixi esa 134,3 mln so‘mdan sotilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ