Urganch–Xiva pulli yo‘lida qatnov narxi 26,4 ming so‘m bo‘lishi taklif qilinmoqda

Yangiariq–Xiva yo‘nalishida 28 km masofa uchun yengil avtomobillardan 21,12 ming so‘m undirilishi rejalashtirilmoqda

Urganch–Xiva pulli yo‘lida qatnov narxi 26,4 ming so‘m bo‘lishi taklif qilinmoqda

Transport vazirligi Urganch–Xiva pulli avtomobil yo‘lidan foydalanish bo‘yicha vaqtinchalik nizom loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan.

Loyihaga ko‘ra, hujjat pulli trassada harakatni tashkil etish, xizmat ko‘rsatish va yo‘l haqini undirish tartibini belgilaydi. Nizom Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi boshqaruv kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilguniga qadar amal qiladi.

Urganch–Xiva yo‘nalishida tariflar

Xiva–Urganch yo‘nalishining 35 km qismida transport vositalari uchun yo‘l haqi quyidagicha belgilanadi:

  • yengil avtomobillar va mototsikllar — 26,4 ming so‘m;
  • mikroavtobuslar — 44 ming so‘m;
  • avtobuslar — 66 ming so‘m;
  • 2–3 o‘qli yuk avtomobillari — 88 ming so‘m;
  • 4 va undan ortiq o‘qli yuk avtomobillari hamda avtopoyezdlar — 132 ming so‘m.

Yangiariq–Xiva yo‘nalishining 28 km qismida esa yengil avtomobillar va mototsikllar uchun tarif 21,12 ming so‘m etib belgilanmoqda. Mikroavtobuslar uchun 35,2 ming so‘m, avtobuslar uchun 52,8 ming so‘m, 2–3 o‘qli yuk avtomobillari uchun 70,4 ming so‘m, 4 va undan ortiq o‘qli yuk avtomobillari hamda avtopoyezdlar uchun 105,6 ming so‘m undiriladi.

Yo‘l haqini qanday to‘lash mumkin?

Haydovchilar yo‘l haqini to‘lov punktlarida, operator tizimidagi shaxsiy hisobvaraq orqali yoki kechiktirilgan to‘lov usulida amalga oshirishi mumkin.

Buning uchun operatorning veb-saytida hisob ochib, unga mablag‘ kiritish imkoniyati yaratiladi. Foydalanuvchilar sayt orqali trassadagi qatnovlar, amalga oshirilgan to‘lovlar, mavjud qarzdorlik va murojaatlar tarixini ko‘rishi mumkin.

To‘lovlar shlagbaumlar orqali yoki avtomobil raqamlarini avtomatik qayd etish va o‘qish tizimi yordamida undiriladi. Agar avtomobil egasining tizimda hisobi bo‘lmasa, operator unga qatnov sanasi va vaqti, avtomobil raqami, to‘lov summasi va usuli ko‘rsatilgan xabarnoma yuboradi.

Haydovchi xabarnoma olinganidan keyin 5 ish kuni ichida yo‘l haqini to‘lashi kerak. Belgilangan muddatda to‘lov amalga oshirilmasa, operator qarzdorlikni undirish uchun sudga murojaat qilishi mumkin.

Ayrim transport vositalari trassaga kiritilmaydi

Pulli yo‘lda yirik gabaritli va og‘ir yuk tashuvchi transport vositalari, qishloq xo‘jaligi hamda maxsus texnikalar, velosipedlar, shuningdek, dvigateli 25 kub. sm dan yoki quvvati 0,25 kVt dan kam bo‘lgan moped va skuterlarning harakatlanishiga ruxsat berilmaydi.

Bundan tashqari, transport vositalarini shatakka olish va xavfli yuklarni tashish ham taqiqlanadi. Haydovchilar yo‘lda tezlik cheklovlari, operator ko‘rsatmalari va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishi shart. To‘xtashga faqat avariya yoki transport vositasi nosozligi yuz bergan holatlarda ruxsat etiladi.

Operator trassadan foydalanish boshlanishidan oldin yo‘lning texnik tayyorgarligini, to‘lov tizimi va axborot tablolarining ishlashini ta’minlashi kerak.

Shuningdek, operator veb-saytida pulli yo‘lning nomi va chegaralari, tariflar, to‘lov usullari, foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari, qarzdorlik va shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi, shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish shartlari hamda favqulodda vaziyatlarda trassadan foydalanish qoidalari ko‘rsatilishi lozim.

Yo‘l haqi tariflari, to‘lov usullari, harakatlanish shartlari va muqobil yo‘nalishlar haqidagi ma’lumotlar OAV, ijtimoiy tarmoqlar va trassaga kirish joylarida e’lon qilinadi.

Nizom loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 26-sentyabrgacha davom etadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Yangi Toshkent xususiy investorlar uchun jozibador qilinadi
/
Yangi Toshkent xususiy investorlar uchun jozibador qilinadi
Markaziy bank vakili inflyatsiya 5% ga tushmaguncha asosiy stavka 14% da saqlanishini ma’lum qildi
/
Markaziy bank vakili inflyatsiya 5% ga tushmaguncha asosiy stavka 14% da saqlanishini ma’lum qildi
O‘zbekiston 157 mln yevroga o‘nta Škoda elektropoyezdini xarid qiladi
/
O‘zbekiston 157 mln yevroga o‘nta Škoda elektropoyezdini xarid qiladi