Vazirlar Mahkamasi yangi bojxona stavkalarini tasdiqladi
Bojxona qiymati $60 mingdan ortiq bo‘lgan tovarlar stavkalar pasaytirildi
2025-yil 31-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Bojxona yig‘imlari stavkalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni tasdiqladi.
Hujjatga ko‘ra, bojxona tartib-taomillarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘imlarni hisoblash tamoyillari o‘zgartirildi. Endi yig‘imlar miqdori bojxona organlari harakatlari bilan bog‘liq xarajatlarning taxminiy qiymatiga qarab belgilanadi.
Bojxona qiymati $60 mingdan yuqori bo‘lgan tovarlar uchun stavkalar pasaytirilgan. Masalan, qiymati $60 mingdan $100 minggacha bo‘lgan tovarlar uchun hozirgi stavka 8 BHM (3 mln so‘m) bo‘lib, yangi stavka 7 BHM (2,6 mln so‘m) ga kamaytirilgan.
$100 mingdan $200 minggacha bo‘lgan tovarlar uchun stavka 15 BHM (5,6 mln so‘m) dan 10 BHM (3,7 mln so‘m) gacha pasaytirilgan. $200 mingdan $500 minggacha bo‘lgan tovarlar uchun yig‘im 30 BHM (11,2 mln so‘m) dan 15 BHM (5,6 mln so‘m) gacha kamaytirilgan.
Shuningdek, $500 mingdan $1 mlngacha bo‘lgan tovarlar uchun yig‘im 58 BHM (21,7 mln so‘m) dan 20 BHM (7,5 mln so‘m) gacha pasaytirilgan. $1 mlndan yuqori tovarlar uchun stavka 75 BHM (28,1 mln so‘m) dan 25 BHM (9,3 mln so‘m) gacha kamaytirilgan.
Tovarlarni “eksport” va “import” rejimlarida ro‘yxatga olish uchun yig‘imlar yagona darajaga keltirilgan. Shuningdek, ish vaqtidan tashqari bojxona tartib-taomilini ro‘yxatga olish uchun to‘lanadigan to‘lov sezilarli darajada kamaytirilgan. Avval bu yig‘im BHMning ikki baravar miqdorini tashkil etgan bo‘lsa, endi u sakkiz baravar kamaytirilgan — BHMning 25% (75 ming so‘m) ga teng.
Tovarlarni bojxona hududida va uning tashqarisida qayta ishlash bo‘yicha boji ikki baravarga kamaytirilgan. Shuningdek, oldindan deklaratsiya topshirishda 20% chegirma taqdim etiladi.
“Tranzit” bojxona rejimi uchun yig‘im BHMning 25% (75 ming so‘m) ni tashkil etadi. Shuningdek, xalqaro jo‘natmalar uchun yangi stavka belgilangan — har bir kilogramm uchun BHMning 2% (7,5 ming so‘m).
Qaror uch oydan so‘ng kuchga kiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ