Yangi Bank omonatchilariga to‘lovlar boshlandi
31 mingdan ortiq omonatchiga 208 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lanadi
Фото: Kapital.uz
Yangi Bank tugatilishi munosabati bilan omonatchilarga kompensatsiya to‘lash jarayoni boshlandi. Bu haqda Omonatlarni kafolatlash agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Agentlik tomonidan to‘lovlar uchun maxsus reyestr shakllantirilgan bo‘lib, unga 31,5 mingdan ortiq omonatchi kiritilgan. Bu jami mijozlarning 98,7% ini tashkil etadi.
Asosiy mablag‘ — 205 mlrd so‘m — 31,3 ming nafar jismoniy shaxsga yo‘naltiriladi. Shuningdek, 125 ta yuridik shaxsga 2,9 mlrd so‘m, 54 ta yakka tartibdagi tadbirkorga esa 261 mln so‘m kompensatsiya to‘lanadi.
Omonatlarni kafolatlash agentligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirga qadar omonatchilarga 106 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ to‘langan. Bu rejalashtirilgan 208 mlrd so‘mning yarmidan ko‘pini tashkil etadi. Barcha zarur mablag‘lar bank-agentga to‘liq o‘tkazilgan va moliyaviy tanqislik mavjud emas.
Masofadan turib mablag‘ olish uchun bank-agent — Biznesni rivojlantirish banki (BRB) ilovasida depozit ochish talab etiladi. Shundan so‘ng, mijozlar omonatni muddatidan oldin yopib, pullarni karta hisobiga o‘tkazishi yoki bankda qoldirishi mumkin. Naqd pul olishni istaganlar BRB filiallariga murojaat qilishi kerak.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, omonatchilar mablag‘larini qayta rasmiylashtirishga majbur emas va o‘z pullaridan mustaqil foydalanish huquqiga ega. Bank-agentda omonat ochish ixtiyoriy hisoblanadi.
Kapital.uz nashri BRBga rasmiy so‘rov yuborib, nima sababdan mijozlarga bank mahsulotlari taklif qilinayotgani va boshqa bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazish imkoniyati qachon paydo bo‘lishi haqida izoh so‘radi.
Bank matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, kompensatsiya mablag‘lari avval omonat hisob raqamiga kiritilib, shundan so‘ng istalgan bank kartasiga o‘tkazilishi mumkin.
Qayd etilishicha, mablag‘larning omonat hisobiga joylashtirilishi onlayn omonatlar hisobini to‘g‘ri yuritish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Markaziy bank o‘tkazgan matbuot anjumanida omonat ochish omonatchining xohishiga bog‘liq ekani aytilgan edi. Ammo amalda mablag‘ni yechib olish uchun avval omonat ochish majburiy talabga aylangani yuzasidan savol yuzaga kelgan.
BRB ushbu masalaga quyidagicha izoh berdi: agar omonatchi pulni bevosita boshqa bank kartasiga o‘tkazmoqchi bo‘lsa, bankning tranzit hisob raqami, MFO, INN kabi rekvizitlarni ko‘rsatishi lozim. Biroq aksariyat mijozlar (taxminan 99%) bunday ma’lumotlarni bilmaydi yoki tushunmaydi.
Shu sababli, bank fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida kompensatsiya mablag‘larini avval onlayn omonat hisobiga joylashtiradi. Shundan keyin esa mijozlar o‘z xohishiga ko‘ra istalgan bank kartasiga pulni o‘tkazib olishi mumkin.
BRB ma’lumotiga ko‘ra, bu tartib mablag‘larni tezkor va xavfsiz yetkazish, shuningdek, mijozlar uchun jarayonni soddalashtirishga xizmat qiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ