O‘zbekiston BRICS Yangi taraqqiyot bankiga qo‘shilish bo‘yicha bitimni ma’qulladi
Qonunchilik palatasi ratifikatsiyani tasdiqladi, mamlakat 2027-yildan boshlab tashkilotga a’zo bo‘lishi kutilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 21-aprel kuni O‘zbekistonning BRICS Yangi taraqqiyot bankiga qo‘shilishi bo‘yicha bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Muhokamalar davomida deputatlar xalqaro moliya institutiga a’zolik mamlakat investitsiyaviy muhitini yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, bank bilan hamkorlik O‘zbekistonga iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun past foizli uzoq muddatli kredit resurslarini jalb etish imkonini beradi.
Yangi taraqqiyot banki rivojlanayotgan davlatlarni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan bo‘lib, asosan infratuzilma loyihalarini moliyalashtiradi. Uning faoliyati barcha ishtirokchi davlatlar uchun o‘zaro manfaat tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan.
Parlament vakillari qayd etishicha, bitim ratifikatsiyasi muqobil moliyaviy manbalarni kengaytiradi. Jalb etiladigan mablag‘lar, asosan, energetika, transport-logistika va suv xo‘jaligi sohalarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Avvalroq, 2025-yil iyun oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev bank rahbari Dilma Russef bilan uchrashuv o‘tkazgan edi. Muzokaralar yakunida umumiy qiymati $5 mlrd bo‘lgan qo‘shma loyihalar dasturi shakllantirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ